O‘zbekiston | 15:56 / 19.06.2023
35562
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar bayram munosabati bilan ketma-ket 5 kun dam oladi

O‘zbekiston prezidenti “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Foto: Shutterstock

Hujjatga ko‘ra, joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 28 iyun – chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatda 2023 yil 28 iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi belgilandi.

Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida prezidentning 2022 yil 23 dekabrdagi “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 2023 yilning 29-30 iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 1 iyul kuni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilangan.

Shu tariqa, o‘zbekistonliklar quyidagi kunlarda dam oladi:

  • 28 iyun, chorshanba — Qurbon hayiti bayrami;
  • 29 iyun, payshanba — ish haftasi turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 30 iyun, juma — ish haftasi turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 1 iyul, shanba — 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
  • 2 iyul, yakshanba — taqvim bo‘yicha dam olish kuni. 

Mavzuga oid