Fan-texnika | 23:55 / 21.09.2016
9105
3 daqiqa o‘qiladi

Distractagone – insonni o‘z smartfonidan uzoqlashtirishning ishonchli yo‘li

Kickstarter kraudfanding-portalida vaqt o‘tgan sayin bir-biridan g‘aroyib loyihalar paydo bo‘laveradi.  Masalan, oddiy gadjyet DistractaGone bunga misol bo‘ladi. Ko‘rinishidan u raqamli tablo va uch tugmaga ega kichik qutini yodga soladi. Bu qurilmani nima sababdan ishlatish mumkin? Fikringiz qanday?

Odam o‘rtacha hisobda o‘z smartfonining ichida kuniga 4 soatdan ortiq yashaydi.  Matematik hisoblash esa biz yiliga telefonlar uchun deyarli 1500 soat vaqt ajratishimizni ko‘rsatadi. Bu esa qariyb ikki oy degani. Biroq asosiysi bu ham emas. Ko‘plab insonlar o‘z gadjyetlaridan hattoki, ish vaqtida ham, oila bilan kechki taom ustida o‘tirganda ham yoki sevimli kishisi bilan uchrashuv chog‘ida ham ayrilolmay qolishadi. Aynan manna shunday «klinik holatlar» uchun Niderlandiyalik ijodkor jamoa  DistractaGone’ni o‘ylab topdi.

DistractaGone – taymerli elektron qulfda berkiluvchi mustahkam  plastik quti. Shavqatsiz telefonlarsiz oila davrasida vaqtingizni o‘tkazish istagidamisiz  – shunchaki smartfonni quti ichiga solib, uni berkitib, taymerga qo‘ying. Masalan, uch soatga qo‘yib, qulf rasmli tugmani bosing. Tamom. Taymer nolgacha sanab bo‘lmagunga qadar qutini ochib bo‘lmaydi, siz esa tarmoqlardan kelayotgan xabarlarga chalg‘imay, bemalol yaqinlar bilan suhbat qurishingiz yoki dam olishingiz mumkin.  Albatta, bu ixtironing hech bir qiziq yeri yo‘q, deb o‘ylashingiz mumkin. Bu mini-seyf emas, balki vaqtni o‘g‘irlovchi smartfonlardan vaqtinchalik halos bo‘lishga yordam beruvchi qandaydir timsoldir.

DistractaGone o‘z  o‘lchami bilan to‘rtta smartfonni sig‘dira oladi. Qurilma narxi 35 yevro va  2017 yilning fevral oyida sotuvga chiqadi. Siz bu loyihani Kickstarter portalidagi rasmiy sahifasida qo‘llab-quvvatlashingiz mumkin.

Mavzuga oid