O‘zbekiston | 20:57 / 21.09.2016
6421
3 daqiqa o‘qiladi

Sud-kriminalistika ekspertizasi istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi

O‘zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar jarayonida sud ekspertizasini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Ushbu sohaning zamonaviy texnik baza, yuqori aniqlikdagi tahlil vositalari bilan jihozlanishi odil sudlovni ta'minlashda muhim o‘rin tutmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “O‘zbekistonda sud- kriminalistika ekspertizasining rivojlanish istiqbollari” mavzuida o‘tkazilgan matbuot anjumanida shu haqda so‘z yuritildi. 

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi direktorining o‘rinbosari A.Zakurlayev va boshqalar yurtimizda sud ekspertizasi xizmatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidladi. 

Sud ekspertizasi markazi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolik, xo‘jalik, ma'muriy va jinoiy ishlarni yuritishda zamonaviy ilm – fan imkoniyatlaridan foydalangan holda nazariy va amaliy yordam ko‘rsatayotir. Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib tashkil etilgan inson DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyasi yordamida ochilishi qiyin bo‘lgan jinoyatlar fosh etilmoqda. 

Ekspertlik tadqiqotlari jahon standartlariga mos keladigan zamonaviy ilmiy darajada o‘tkazilayotir. Bunda qonunchilik asoslari takomillashgani, O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingani ekspertlik faoliyatning huquqiy poydevorini mustahkamladi. 

Markazda ekspertizaning 40 turi bo‘yicha faoliyat olib borilgan bo‘lsa, keyingi ikki yil davomida ularning soni yana to‘rttaga ko‘paydi. Texnika asri uchun dolzarb bo‘lgan raqamli texnologiyalar, shuningdek, elektroakustik montaj belgilari asosida audio va videomanbalarni kompleks tadqiq qilish, yer uchastkalariga bo‘lgan egalik huquqi qiymatini baholash, tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi, sud-ekologik, sud-siyosatshunoslik-lingvistik, sud-filologik ekspertizalar kabi yangi turlar amaliyotga joriy etildi. 

Markaz laboratoriyasida o‘zbek, rus, zarur hollarda esa boshqa tillardagi fonogramma va videoyozuvlar ham tadqiq qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishda 150 dan ortiq ekspertiza o‘tkazildi. 

Ekstremistik, terroristik jinoyatlar global muammolardan sanaladi. Mazkur jinoyatlar axborot texnologiyalari orqali keng targ‘ib qilinayotgani sir emas. Olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida sud-siyosatshunoslik-lingvistik espertizasini o‘tkazish uslubi ishlab chiqildi. Mazkur yo‘nalishda ekspert tadqiqotlarini amalga oshirishda asosan terrorizm, ekstremizm va diniy adovatni qo‘zg‘atish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, jamoat xavfsizligiga tahdid solishga qaratilgan materiallarni tarqatish bo‘yicha faktlar o‘rganiladi va xulosalar beriladi. 

Bunday yangi ekspertiza turlarining amaliyotda keng qo‘llanilayotganligi jinoyatlarni ochish, dalillar to‘plash, odil sudlovni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. 

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi. 

Mavzuga oid