Jahon | 08:53 / 22.09.2016
4851
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanda koalitsiyaning havo zarbalaridan keyin 25 kishi halok bo‘lib, 73 kishi jarohatlandi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi samolyotlari Yamanning Qizil dengizi qirg‘og‘idagi Xodeyda port shahriga hujum qilishi oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘lib, 73 kishi jarohatlandi. Bu haqda Sinxua agentligi xabar tarqatdi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, koalitsiyaning harbiy samolyotlari avvaliga hozirda isyonchi husiylar tomonidan egallab olingan prezidentlik saroyiga zarba berishgan, keyin atrofdagi tumanlarni bombalagan. Bu hodisa chorshanba kuni kechqururun ro‘y berdi. Jarohatlangan kishilar shifoxonalarga yetkazilgan.

2014 yilning avgustida Yamanda hukumat kuchlari va sobiq prezident Ali Abdulla tarafdorlari bo‘lgan "Ansor Alloh" shia guruhi (husiychilar) o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlandi. 2015 yilning 26 martida Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasi hozirgi prezident Abd Rabboni qo‘llab-quvvatlagan holda Yamanga kirdi va shundan keyin vaziyat keskin yomonlashdi. O‘tgan vaqt ichida muammoni hal qilish uchun o‘tkazilgan muzokaralar besamar bo‘ldi. Qurolli to‘qnashuvlar qurbonlari soni 3 mingdan oshib ketgan, o‘n minglab kishilar mayib-majruh bo‘lgan. Ko‘plab hududlarda ocharchilik yuzaga kelgan.

Mavzuga oid