
30 dekabr kuni Saudiya Arabistoni harbiylari Yamandagi Mukalla port shahrini bombardimon qildi.
Yamandagi qonuniy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Koalitsiya seshanba tongida BAAdan kemalar Mukallaga yetib kelganidan keyin ularga zarba berilganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng Yaman mahalliy kuchlar o‘z nazoratidagi hududlarda barcha chegara o‘tish punktlarini, shuningdek, aeroportlar va dengiz portlariga kirishni 72 soatga yopdi.
Saudiya boshchiligidagi Koalitsiya matbuot kotibi Turki al-Malikiyning aytishicha, ikki kema 27-28 dekabr kunlari BAAning Fujayra portidan kelgan. Ular Koalitsiya qo‘shma kuchlar qo‘mondonligidan rasmiy ruxsat olmagan hamda yuk tushirishdan oldin kemalarning kuzatuv tizimlari o‘chirib qo‘yilgan.
Al-Malikiyga ko‘ra, bu harbiy yuklar Sharqiy Yaman viloyatlarida mojaroni avj oldirishga qaratilgan bo‘lgan. Shu sababli Yaman prezidentlik idorasi Hadramavt va al-Mahra hududlarida tinch aholini himoya qilish uchun zarur barcha choralarni ko‘rish haqida murojaat qilgan.
«Shundan so‘ng koalitsiya havo kuchlari seshanba kuni erta tongda Mukalla portida tushirilgan qurol va texnikani nishonga olgan cheklangan, aniq operatsiyani amalga oshirdi», deyiladi bayonotda.

Ikki manbaning Reutersʼga aytishicha, zarba ikki kemaning yuklari tushirilgan maxsus platforma – dokni nishonga olgan. Saudiya harbiylari «hech qanday qo‘shimcha zarar bo‘lmasligi» uchun hujum tunda amalga oshirilganini bildirdi. Koalitsiya shuningdek, Yamanning qonuniy hukumati va ular bilan muvofiqlashtirilmasdan har qanday davlat turli guruhlarga harbiy yordam yetkazilishining oldini olishda davom etishini bildirdi.








