O‘zbekiston | 21:04 / 22.09.2016
12381
3 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping: Xitoy O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlaydi

O‘zbekiston respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Xitoy xalq respublikasining Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Elchi Xitoy xalq respublikasi raisi Si Jinpingning O‘zbekiston rahbariyatiga yo‘llagan qutlov maktubini topshirdi. Maktub matni O‘zbekiston TIV saytida keltirilgan.

Maktubda shunday deyiladi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Janobi Oliylari!
Xitoy hukumati va xalqi, shaxsan o‘z nomimdan sizga O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini bajarish yuklatilganligi munosabati bilan sizni samimiy tabriklashga ruxsat etgaysiz.

Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini bundan buyon ham izchil rivojlantirish borasidagi qat'iy sa'y-harakatlar va ezgu maqsadlar bayon qilingan maktubingiz uchun sizga minnatdorlik bildiraman. Men Xitoy va O‘zbekistonni doimo yaqin qo‘shni, yaxshi do‘st va har tomonlama ishonchli strategik sheriklar, deb bilaman. So‘nggi yillarda birgalikdagi sa'y-harakatlar tufayli o‘zaro hamkorligimizning barcha sohalari jadal rivojlanmoqda va natijada qator ulkan yutuqlarga erishildi.

Ayni paytda xalqaro va mintaqaviy vaziyat murakkab va o‘zgaruvchan bo‘lib, Xitoy va O‘zbekiston oldida umumiy manfaatlarimizni ta'minlash yo‘lida tahdidlar kuchayib bormoqda. Xitoy O‘zbekiston xalqi tanlagan yo‘lni hurmat qiladi, mamlakatingizning o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini qat'iy ma'qullaydi. O‘zbekistonning xalqaro va mintaqaviy masalalarda yanada mustahkam o‘rin egallashiga intilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Shu yilning iyun oyida Buxoro shahriga tashrifim davomida menga hamrohlik qilganingizni yaxshi eslayman. Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini rivojlantirishga katta e'tibor qarataman va siz bilan yaqin aloqalarni saqlagan holda, davlat suverenitetini himoya qilish, xavfsizligi va taraqqiyotini ta'minlash, «Bir qutb, bir yo‘l»ni birgalikda barpo etish asosida serqirra amaliy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarini mamlakatlarimiz hamda xalqlarimiz farovonligi yo‘lida har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro muvofiqlik va hamkorlikni kuchaytirish masalasida bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashga doimo tayyorman.

Sizning davlatchilik faoliyatingizga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Mavzuga oid