Jamiyat | 11:28 / 23.09.2016
17996
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoylik amaldor poyabzalini kir qilishni istamagani uchun ishdan haydaldi

Xitoyning Chjetszyan viloyatidan bo‘lgan amaldor loydan yurib, poyabzalini kir qilishni istamagani uchun ishdan mahrum bo‘ldi. Bu haqda Shanghaiist xabar beradi.

Bao Syuyveyni juma kuni Meranti tayfunidan jabrlanganlar hududida suratga olishdi. Suratda ko‘rinib turibdiki, ikki erkak amaldorni ko‘tarib, loyqa ko‘lmak ustidan olib o‘tmoqda. Bu surat internetda paydo bo‘lgach, Baoni ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tanqid ostiga olishdi.

Hukumat tanqidga e'tibor qaratdi va amaldorni o‘z vazifasidan ozod etdi. Baoning so‘zlariga ko‘ra, bu tushunmovchilik sabab yuz bergan: o‘sha kuni u jabrlanganlar hududiga rasmiy uchrashuvdan so‘ng tashrif buyurgan va ish poyabzalini suv o‘tkazmaydiganiga almashtirishga ulgurmagan. U quruqroq yerga o‘tishga uringanida, sug‘urta kompaniyasining ikki ishchisi uni qo‘lidan ushlab, katta ko‘lmak ustidan olib o‘tishgan. Bu esa bor-yo‘g‘i bir necha soniya davom etgan.

Amaldorni olib o‘tgan xodimlar bu so‘zlarni tasdiqlashdi: ularning so‘zlariga ko‘ra, erkaklar xuddi shunday yo‘l bilan nafaqat Baoga, balki boshqa kishilarga ham yordam berishgan. Voqeani suratga olgan fotosuratchi janjal uchun uzr so‘radi va u shunchaki insonlar bir-biriga qay tariqa yordam berayotganini ko‘rsatishga uringanini aytdi.

Mavzuga oid