Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari xalqaro yarmarkada ishtirok etdi
Joriy yilning 20-23 sentabr kunlari Rossiya poytaxti Moskva shahrida “To‘qimachilik va yengil sanoat – 2016” to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari, texnika va texnologiyalari xalqaro yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida yengil sanoatni rivojlantirish, mavjud korxonalarni texnik va texnologik yangilash, modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tarmoqning eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Istiqlol yillarida yengil sanoat mamlakatimiz iqtisodiyotida munosib o‘rin egalladi. Qulay sarmoyaviy va biznes muhiti soha taraqqiyotiga katta hissa qo‘shayotir. O‘tgan davrda sohaga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar hajmi 2 milliard 500 million dollarni tashkil etib, bu uch yuzga yaqin yirik loyihani amalga oshirish imkonini berdi. Islom Karimovning 2014 yil 7 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, 2015-2019 yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta'minlash chora-tadbirlari dasturi bu borada muhim omil bo‘lmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston yengil sanoati zamonaviy jihozlangan ko‘p tarmoqli yirik korxonalardan iborat. “O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi sanoat muassasalari ip-kalava, mato, turfa xildagi tikuvchilik-trikotaj tovarlari, maxsus kiyimlar kabi keng turdagi yuksak sifatli mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Bu kabi yengil sanoat mahsulotlari bilan nafaqat ichki bozor ta'minlanmoqda, balki ular Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika mamlakatlariga yetkazib berilmoqda.
Ishbilarmonlarimizning turli mamlakatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro yarmarka va ko‘rgazmalardagi faol ishtiroki mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. “To‘qimachilik va yengil sanoat” yarmarkasi ham bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.
“To‘qimachilik va yengil sanoat – 2016” xalqaro yarmarkasida Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Portugaliya, Hindiston, Belarus, Bolgariya, Latviya, Moldova, Ruminiya, Turkiya, Ukraina kabi dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan ikki mingga yaqin firma va kompaniyalar ishtirok etdi. Mazkur forumda to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari, ularni ishlab chiqarishga oid eng so‘nggi yutuqlar, zamonaviy texnologiyalar namoyish etildi.
“O‘zbekengilsanoat” aksiyadorlik jamiyatidan ma'lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada mamlakatimizning “Istiqlol Tekstil Dizayn”, “Samarkand Euroasia Textile”, “Sedat Triko Tashkent”, “Fortuna Tekstil”, “Grand Textile Production”, “Aisha Home Textile”, “Medex” kabi yuzga yaqin kompaniyasi o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etdi. Yarmarka ishtirokchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning to‘qimachilik va yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sohaning turli tarmoqlarida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar O‘zbekiston eksport salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu jarayonda Islom Karimovning 2013 yil 8 avgustdagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi muhim rol o‘ynamoqda. Jamg‘arma ko‘magida mamlakatimizning yigirmadan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari “To‘qimachilik va yengil sanoat – 2016”da faol ishtirok etdi. Ular tomonidan qariyb 50 million dollarlik eksport shartnomalari imzolandi.
Jahon bozorida talab tobora ortib borayotgan O‘zbekistonning to‘qimachilik mahsulotlari yuksak sifati va raqobatbardoshligi, xalqaro andozalarga to‘la mosligi bilan xaridorlarga manzur bo‘ldi. Xalqaro yarmarkada faol ishtirok etgan mamlakatimiz korxonalari bu boradagi ulkan salohiyatni namoyish etgan holda turfa xildagi ekspozitsiyalarni – rang-barang gazlamalar, ip-kalava, trikotaj polotnosi, kattalar va bolalar kiyimlari, pahmoq va jinsi mahsulotlar, tayyor tikuvchilik-trikotaj buyumlarini taklif etdi.
Yarmarkada 800 kvadrat metr joy egallagan O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatimizning ishlab chiqarish, eksport, sarmoya va yengil sanoat sohasidagi ulkan salohiyati va imkoniyatlari namoyish etildi. Milliy kolorit bilan bezatilgan stendlar o‘ziga xos dizayni va mazmunan boyligi bilan yarmarka ishtirokchilarining e'tiborini tortdi. “Sharq liboslari” dizaynerlik markazining tabiiy matolardan tikilgan liboslar namoyishi xorijiy ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu O‘zbekistonda moda sanoati ulkan imkoniyatlarga ega ekanidan dalolatdir.
Xalqaro yarmarkada O‘zbekiston kompaniyalari turli mamlakatlarning firma va kompaniyalari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi. Tadbirkorlarimiz tomonidan jami ikki yuz million dollarlikdan ziyod eksport shartnomalari imzolandi.
“To‘qimachilik va yengil sanoat – 2016” xalqaro yarmarkasi mamlakatimiz to‘qimachilik va yengil sanoati yutuqlarini keng namoyish etish, tarmoqni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, eksport salohiyatini oshirish, xalqaro bozor talablarini o‘rganish, yangi hamkorlar topish uchun qulay zamin yaratdi. Uning doirasida imzolangan hujjatlar va erishilgan kelishuvlar eksport hajmini oshirish va jo‘g‘rofiyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
08:21 / 01.06.2026
Xitoyning ikki yirik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
11:30 / 05.01.2026
O‘zbekiston to‘qimachilik eksportida tayyor mahsulotlar yetakchi bo‘ldi
23:25 / 23.12.2025
To‘qimachilikda ishlab chiqarish hajmini 147 trillion so‘mga yetkazish maqsad qilindi
15:34 / 17.12.2025