Jahon | 10:18 / 26.09.2016
4505
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjonda konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmoqda

Ozarboyjonda dushanba kuni mamlakat konstitutsiyasiga tuzatish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha referendumda ovoz berish uchun saylov uchastkalari ochildi.

Markaziy saylov komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, 125ta okrugda 5267ta uchastka ochilgan va bu uchastkalar mahalliy vaqt bilan soat 08:00dan 19:00gacha ishlaydi (Toshkent vaqti bilan soat 09:00dan 20:00gacha).

Ovoz beruvchilar ro‘yxatiga mamlakatning 5,26 million fuqarosi kiritilgan. Davomat kamida 25 foizni tashkil qilsagina referendum bo‘lib o‘tdi, deb tan hisoblanadi.

Fuqarolar mustaqil Ozarboyjon tarixidagi uchinchi referendumda prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilgacha uzaytirish, vitse-prezident lavozimini joriy etish, davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, xususan, mamlakat rahbariyatida yangi lavozimlarni ta'sis etish, prezident va parlament deputati bo‘lib saylanish uchun yosh cheklovlarini bekor qilish kabi masalalarga javob berishlari kerak bo‘ladi.

Bu masalalarda o‘z fikrini bildirish imkoniyatiga xorijdagi fuqarolar ham ega bo‘ladi. Ozarboyjon TIV ma'lumotiga ko‘ra, 29ta mamlakatdagi 38ta diplomatik missyalar tomonidan saylov uchastkalari tashkil qilingan.

Byulletenga 29ta band kiritilgan, ularning har biri taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni aks ettiradi va "ha" yoki "yo‘q" javoblaridan birini belgilash so‘raladi. Referendum ishtirokchilarining 50 foizdan ortiq ovozlarini to‘plagan tuzatishlar qabul qilindi, deb hisoblaniladi.

Referendumning borishini 117 nafar xalqaro va 53 mingga yaqin mahalliy kuzatuvchilar nazorat qiladi.

Takror ovoz berish oldini olish uchun saylovchilarning bosh barmog‘i rangsiz siyoh bilan bo‘yaladi. Uchastkaga kirishda ularning barmog‘i maxsus ultrabinafshali lampa bilan skanerlanadi. Shuningdek, bir nechta byulleten tashlashga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha uchastkalarda shaffof qutilardan foydalaniladi.

Ozarboyjon MSK natijalarni 21 oktabr kuni ma'lum qilishi aytilgan.

Mavzuga oid