Jahon | 19:00 / 26.09.2016
5290
2 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili partiyasi Gruziyadagi vaziyatni izdan chiqara olmaydi

Gruziyaning hukmron "Gruziya orzusi" partiyasi ijrochi kotibi Irakliy Kobaxidzening so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident Mixail Saakashvilining "Yagona milliy harakat" muxolifat partiyasi 8 oktabrda bo‘lib o‘tishi belgilangan parlament saylovlari oldidan mamlakatdagi vaziyatni izdan chiqarishi uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas. 

"Yagona milliy harakat" partiyasini qo‘llab-quvvatlagan "Erkin hudud" yoshlar tashkilotining bir necha a'zolari tashkilot safini tark etishgan. Ularning ta'kidlashicha, tashkilot Saakashvilidan mamlakatda davlat to‘ntarishi o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma olgan. Xususan, sobiq-prezident parlament saylovlaridan keyin, saylov natijalari qalbakilashtirilganini iddao etib, namoyishlar o‘tkazish borasida buyruq bergan. 

""Yagona milliy harakat" idoralarida Gruziyadagi vaziyatni beqarorlashtirish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqilmoqda, buning uchun guruhlar va qo‘shimcha tashkilotlar tuzilayapti", — deya Kobaxidze so‘zlarini keltiradi partiya matbuot xizmati.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat vakillari saylovlar arafasida mamlakatda turli xil fitnalar sodir etilishi mumkinligi xususida bir necha bor so‘z yuritgan. 

Gruziya parlament saylovida hukmron "Gruziya orzusi" va yirik muxolif partiya "Yagona milliy harakat" o‘zaro siyosiy raqiblar hisoblanadi. 


 

Mavzuga oid