O‘zbekiston | 19:47 / 30.09.2016
14035
4 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Deputatlar tomonidan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. 

Dastavval Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining yig‘ilishlari o‘tkazilib, ularda quyi palata majlisining kun tartibiga kiritilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan edi. 

Vazirlar Mahkamasi tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan mazkur qonun loyihasi aholining hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning umumiy talablari va asosiy yo‘nalishlarini belgilash, shuningdek, ushbu sohada davlat va nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish, ijtimoiy himoya sohasi tizimidagi asosiy tushunchalarni belgilashga qaratilgan. 

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning kompleks tizimi yaratilganligi ta'kidlandi. Shuningdek, bugungi kunda aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoni bir qator qonunlar va qonunosti hujjatlari bilan ham tartibga solib kelinmoqda. Shu bilan birga, amaldagi qonun hujjatlarini tahlil qilish ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini tashkil etishga tizimli yondashuv talab etilishini ko‘rsatdi. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihasi aynan shu maqsadga xizmat qiladi. 

– Sotsial-iqtisodiy islohotlar chuqurlashayotgan va ijtimoiy-siyosiy hayot modernizatsiyalashayotgan sharoitlarda keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlarning imkon qadar manzilli bo‘lishini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash maqsadga muvofiq hisoblanadi, – deydi Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a'zosi Nodir Muxtorov. – Qonun loyihasi dolzarb va muhim ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lib, aholining hojatmand toifalari manfaatlarini qonun hujjatlari bilan mustahkamlash, ularga ko‘rsatiladigan moddiy va ma'naviy ko‘makning sifatini oshirish, ushbu sohadagi davlat siyosatining yo‘nalishlarini aniq belgilab olish imkonini beruvchi yaxlit hujjat hisoblanadi. Shunday qilib, qonun loyihasi aholi muayyan qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishning huquqiy asosi bo‘lib xizmat qiladi. Qonun loyihasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, ularni aniqlash mezonlari, ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy xizmatlar aniq belgilanadi. Bu davlat byudjyetidan ajratiladigan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishini va, zarur bo‘lganda, aholi tegishli guruhlarining joriy ehtiyojlariga qarab mablag‘lar qayta taqsimlanishini ta'minlaydi. 

Deputatlarning fikriga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish monitoringini olib borish va baholash mexanizmlarining belgilab olinishi ijtimoiy himoya tizimining jamoatchilik nazorati uchun ochiq bo‘lishiga imkon beradi, fuqarolik jamiyati institutlarining yanada rivojlanishiga ko‘maklashadi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rolini oshiradi. Qonun loyihasida nazarda tutilgan idoralararo hamkorlik va ijtimoiy sheriklik mamlakatimizda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatuvchilarning to‘liq ro‘yxatini tuzish uchun asos yaratadi. 

Qonun loyihasini ko‘rib chiqish chog‘ida bir qator xorijiy mamlakatlarning aholi hojatmand qatlamlariga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi ilg‘or tajribasiga e'tibor qaratildi. 

Qonun loyihasining asosiy qoidalari har tomonlama muhokamadan so‘ng ma'qullandi va deputatlar qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar. Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasiga kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda qonun loyihasini keyingi o‘qishga tayyorlash topshirildi. 

Mavzuga oid