Jahon | 11:37 / 30.09.2016
5762
2 daqiqa o‘qiladi

Estoniyada rus tilida chiqadigan so‘nggi kundalik gazeta yopildi

Estoniyada har kuni rus tilida chop etib kelingan Postimees gazetasi yopilgan. Bu haqda «Bi-bi-si» xabar berdi.

Qayd etilishicha, 29 sentabr kuni Postimees gazetasining oxirgi soni chop etildi.

Shu bilan birga shu tahririyat tomonidan nashr etib borilgan «Den za dnem» nomli haftalik nashr faoliyati to‘xtatiladi. O‘quvchilar oxirgi marta bu gazetani 1 oktabr kuni o‘qishadi.

AS Postimees Grupp bu holatni internet nashrlari bo‘lmish Rus.Postimees.ee, Limon.ee va Krasotka.ee saytlarining o‘quvchilari soni ikki barobar ko‘pligi bilan izohlagan.

«Keyingi yillarda Estoniyada rus tilida chiquvchi barcha gazetalarning obunachilari keskin darajada qisqardi. Shu bilan bir vaqtda rus tilidagi onlayn-nashrlar o‘quvchilari soni tezlik bilan o‘sdi», — degan nashr boshqaruv kengashi raisi Peep Kala.

AS Postimees Grupp tomonidan aniqlik kiritilishicha, obunachilarning oldindan qilingan to‘lovlari qaytarib beriladi.

2015 yilning sentabrida Estoniyada Qrim Rossiyaga qo‘shib olinishi ortidan rus tilida faoliyat ko‘rsatuvchi telekanal ochilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid