Jamiyat | 21:00 / 30.09.2016
17084
2 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun it insonga do‘st tutinadi?

Linchepingdagi (Shvetsiya) Universitet tadqiqotchilari itlarda inson bilan do‘stlashishga moyillik uyg‘otuvchi genlarni aniqlashdi. Olimlar o‘z xulosalarini Science Reports jurnalidagi maqola orqali ma'lum qilishdi. 

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ularning maqsadi itning paydo bo‘lishiga olib kelgan bo‘rining uy hayvoniga aylanishidagi genetik asoslarni aniqlash bo‘lgan. Olimlar o‘z izlanishlarida maxsus labaratoriya sharoitlarida parvarish qilingan 437 biglni (it zoti) o‘rganishgan. Har bir itni notanish tajribachi bilan bir xonaga joylashtirishgan. Jonivorlarga ichida yegulik bo‘lgan 3ta plastik konteyner ko‘rsatishgan, ulardan birini faqat insongina ochishi mumkin bo‘lgan. 

Yegulikni olish uchun itlarga 3 daqiqa berilgan. Aksariyat hollarda jonivor insondan yordam berishni so‘ragan, bunda u insonga termulib, unga sakrab muloqotga kirishgan. Biroq ba'zi bigllar konteynerni o‘zlari ochishga harakat qilishgan. 

Tadqiqotchilar ijtimoiy hamkorlik uchun eng yaxshi 95 va eng yomon 95 itni tanlab olishgan. Jonivorlardan DNK namunalari olingan va har bir guruhdagi itlarga qanday gen turlari xos ekanligini aniqlashgan. 

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, inson bilan muloqotga moyilligi bo‘lgan jonivorlarda har biri kamida 5tadan genga ega ikki genom sohasi mavjud. Ana shu 5 gendan 4tasi inson genlariga yaqin bo‘lib chiqdi, ulardagi mutatsiyalar ijtimoiy tartibsizliklar, masalan, autizm xavfini oshiradi. 

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, genetikaning do‘stona munosabatga hissasi 30 foizni tashkil qiladi (boshqa omillarga tarbiyani misol qilish mumkin). Bundan tashqari, itlarning inson bilan yaqinlashuviga o‘nlab yoki yuzlab inobatga olinmagan genlar sabab bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. 

 

Mavzuga oid