Jahon | 12:09 / 02.10.2016
10796
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik radiotinglovchi Rossiyaga qarshi tashviqotlarni bas qilishni so‘radi

Buyuk Britaniyada LBC radiosi efirida radiotinglovchilardan biri Rossiyaga qarshi tashviqotlardan charchagani haqida gapirdi. Bu haqda Sunday Express xabar tarqatgan.

O‘zini Ivonn deya tanishtirgan ayol efirda 2014 yili Ukraina osmonida MH17 samolyoti urib tushirilgani voqeasi muhokama qilinayotgan vaqtda qo‘ng‘iroq qilgan va "barcha tomonlardan haddan tashqari ko‘p ig‘vo eshitgani, buni endi to‘xtatsa ham bo‘lishi"ni aytib o‘tgan.

Unga qarshi fikr bildirgan boshlovchi fuqarolik samolyotini Britaniya urib tushirmaganini aytgan. Radiotinglovchi esa, "Putin yaxshi yigit emasligini, lekin britaniyaliklar ham undan qolishmasligini, britaniyalik siyosatchilar ham dunyo bo‘ylab ziddiyatlar yuzaga keltirishga usta ekanini" qistirib o‘tgan.

"Biz butun dunyodagi davlatlarning ishlariga aralashib, intervensiya qilamiz. Putin bunday emas. Bizda juda ko‘p propaganda. Biz urushga yo‘l olgan oyparastlar kabimiz", deya Ivonn xonimning so‘zlarini keltirgan nashr.

2014 yilning iyulida Donbass osmonida halokatga uchragan Malayziya Boeing’i bilan bog‘liq fojia bo‘yicha tekshiruv guruhi hisobotida samolyot Rossiyadan olib keltirilgan «Buk» zenit-raketa kompleksi yordamida urib tushirilgani, lekin, shu bilan birga, Rossiyaning bunga aloqadorligi haqida gapirish ertaligi ta'kidlab o‘tilgan edi.

Rasmiy Kiyev bu hisobotga munosabat bildirar ekan, «Buk»ning o‘rnatilgan yo‘nalishi halokatga Rossiya aloqadorligini ko‘rsatishini ta'kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, Rossiya TIV Niderlandiya prokuraturasining xulosalari noxolis ekani hamda siyosiy tagzaminga egaligini aytdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid