O‘zbekiston | 12:25 / 02.10.2016
27923
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston hukumati vakillari, jamoat faollari va bir guruh yoshlari Andijonga tashrif buyurdi

Ma'lumki, azal-azaldan o‘zbek va qirg‘iz xalqlari vakillari yaqin do‘st, inoq qo‘shni bo‘lib, hamjihatlikda yashab kelmoqda.

Kecha Andijonga Qirg‘iziston Respublikasi Bosh Vazirining birinchi o‘rinbosari Muhammetkaliy Abdulgaziyev boshchiligida O‘sh viloyati hokimiyat organlari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Adham Ikromov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovlar kutib oldilar.  

Mehmonlar bilan “Bog‘i Bobur” majmuasi, Andijon Davlat Universiteti, temir yo‘l vokzali, “Do‘stlik uyi”da uchrashuvlar o‘tkazildi.  Yangi bunyod etilgan qilichbozlik majmuasidagi  Rio -2016 sovrindorlari bilan bo‘lgan uchrashuv qo‘shnilarimizda katta taassurot qoldirgani aniq.  Ular viloyatda olib borilayotgan keng ko‘lamdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdilar. Qardoshlarimiz Oltinko‘l tumani Dalvarzin mahallasidagi zamonaviy rusumda qurilgan aholi turarjoylarini ko‘zdan kechirib, Asakadagi “GM Uzbekistan” avtomobil zavodiga tashrif buyurishdi.

Joylardagi do‘stona, samimiy ruhda kechgan uchrashuvlar davomida mana shunday tadbirlarni tashkil etilishi o‘zbek va qirg‘iz xalqi o‘rtasida o‘zaro do‘stlik rishtalarini yanada ravnaq topishiga xizmat qilishi to‘g‘risida gapirildi.

 “GM Uzbekistan” avtomobil zavodining majlislar zalida O‘sh viloyati hokimiyat organlari vakillari hamda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari hokimlari birgalikda chegaradosh viloyatlarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va do‘stona aloqalarni yanada kuchaytirish bo‘yicha memorandum imzoladilar.         

Kun yakunidagi bir piyola choy ustida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston san'at ustalari hamda  Qirg‘izistondan kelgan san'atkorlar tomonidan katta konsert dasturi namoyish etildi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid