Sport | 19:11 / 03.10.2016
5662
2 daqiqa o‘qiladi

«Suonsi» bosh murabbiyni tug‘ilgan kunida ishdan bo‘shatib, uni original tarzda «tabrikladi»

«Suonsi» rahbariyati Franchesko Gvidolinni bosh murabbiylik lavozimidan iste'foga chiqarish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Italiyalik mutaxassis 61 yoshga chiqqan kunida ishdan bo‘shatilgan. U APL tarixida o‘z tug‘ilgan kunida ishdan bo‘shatilgan ilk murabbiyga aylandi.

U jamoaga o‘tgan mavsumda, shu yilning yanvar oyida jamoa uzoq vaqt davomida turnir jadvalining quyi qismida qolgach, taklif etilgan, mavsum yakunida esa uelsliklar APLda jon saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgandi.

Gvidolin jamoa bosh murabbiyi sifatida o‘tkazgan oxirgi o‘yin 7-tur doirasida 2 oktabr kuni «Liverpul»ga qarshi kechgan va 1:2 hisobida yakunlangan uchrashuv bo‘lib qoldi.

Jamoa 7 turdan keyin 1 g‘alaba, 1 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etib, turnir jadvalida 4 ochko bilan 17-o‘rinda joylashib turibdi.

Murabbiyning bo‘shatilishiga yana bir sabab sifatida uning sog‘ligidagi muammolar keltirilgan. U mart oyida shifoxonaga tushib qolgach, jamoaning bir necha o‘yinlarini o‘tkazib yuborgandi.

Gvidolinning o‘rnini AQSh terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Bob Bredli egallagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid