Eng muhim demokratik tamoyillar va me'yorlar asosida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 96, 117-moddalari hamda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, joriy yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan mazkur siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Asosiy tadbirlar dasturi izchil amalga oshirilayapti.
Huquqiy demokratik davlat hamda ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy tamoyillarini ro‘yobga chiqarish, demokratik saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish uchun zarur sharoit yaratish bilan uzviy bog‘liqdir.
Demokratik huquqiy davlatning shakllanish sharoitida saylov instituti xalq hokimiyatchiligini amalga oshirishning real mexanizmi hisoblanadi. Bu Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalarida ham o‘z ifodasini topgan. Chunonchi, mazkur muhim xalqaro hujjatning 21-moddasida xalq irodasi hukumat hokimiyatining asosi bo‘lishi, bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta'minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z aksini topishi lozimligi belgilab qo‘yilgan. Bunday norma 1966 yilgi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham aks etgan.
Saylovlar zamonaviy demokratiyaning muhim instituti, xalq o‘z xohish-irodasini bildirishi hamda siyosiy jarayonlarda, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda, shu jumladan, hokimiyatning vakillik organlarini shakllantirishda ishtirok etishining asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Erkin saylovlar nafaqat hokimiyatni shakllantirish tamoyili, ayni paytda uning xalq oldidagi javobgarligi ifodasi hamdir.
Shu bilan birga, saylov natijalari siyosiy partiyalarning ta'sir darajasini xolis baholash imkonini beradi, saylovchilar kayfiyatini, mamlakat siyosiy hayotida kechayotgan tendensiyalarni ko‘rsatadi. Erkin va halol saylovlarning muntazam o‘tkazilishi mamlakatdagi siyosiy tizim demokratiyaga monand ekanligining yorqin ko‘rsatkichlaridan sanaladi.
Davlatning jahon hamjamiyatidagi nufuzi ko‘p jihatdan ushbu mamlakatda amal qiladigan saylov tizimining demokratik tamoyillarga muvofiqligi bilan bog‘liqdir. Shu ma'noda, O‘zbekistonda saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning izchil takomillashtirilishini demokratik islohotlarning muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida fuqarolarning saylash hamda saylanishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash maqsadida saylovga yuksak demokratik darajada tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishning huquqiy kafolatlari yaratildi. Joriy yilgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi qonun hujjatlari talablariga to‘liq muvofiq holda, jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish yanada chuqurlashgan, ijtimoiy faollik o‘sgan, fuqarolarning mas'uliyati hamda ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarga, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlariga talabchanligi oshgan bir sharoitda bo‘lib o‘tadi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, O‘zbekiston saylov qonunchiligi xalqaro saylov standartlariga to‘liq javob beradi hamda ular bilan uyg‘un rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizdagi demokratik saylov qonunchiligi tizimining asosi sanaladi. Asosiy Qonunimizning 7-moddasiga ko‘ra, xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Saylov jarayonining demokratik prinsiplari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida”gi va boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilgan.
Ularda demokratik saylovlarni amalga oshirishning asosiy standartlari – umumiyligi, tengligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li, saylovda qatnashishning ixtiyoriyligi, uni o‘tkazishning ochiq va oshkoraligi o‘z ifodasini topgan.
Xalqaro hujjatlarda mustahkamlab qo‘yilgan asosiy tamoyillarga saylov huquqining umumiyligi kiradi. Bu Konstitutsiya hamda saylov qonunchiligimizda asosiy tamoyillardan biri sifatida e'tirof etilgan. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida keltirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradilar.
Saylov kuniga qadar yoki saylov kunida 18 yoshga to‘ladigan, tegishli saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilib turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari saylovchilar ro‘yxatiga kiritilish huquqiga egadirlar. “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasida saylovchilar qayerda bo‘lishlaridan qat'i nazar, ularga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bevosita qatnashish huquqi kafolatlanadi.
Shu bilan birga, umumiy saylov huquqi fuqarolarning saylovda ishtirok etishi hech qanday huquqiy qoidalar bilan chegaralanmaganini anglatmaydi. O‘zbekistonda boshqa demokratik mamlakatlarda bo‘lgani kabi davlat boshlig‘i sayloviga oid qonun hujjatlari qator cheklovlarga ega bo‘lib, ular aslo kamsituvchi xususiyatga ega emas. Deylik, Konstitutsiyamizning 90-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin.
Qonunchilikda belgilanishicha, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas hamda saylovda qatnashmaydilar. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Teng saylov huquqi tamoyiliga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi bir ovozga ega. Ayol va erkaklar bir xil saylov huquqiga ega, harbiy xizmatchilar boshqa fuqarolar bilan bir xil saylov huquqidan foydalanadi. Saylovda hech kim ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy hamda mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi hamda xususiyatiga qarab ustuvorlikka ega bo‘lmaydi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi tamoyiliga ko‘ra, fuqarolar saylovda o‘z xohish-irodasini bevosita ifoda etadi. Ovoz berish jarayonida saylovchilar shaxsiy qarash va fikrlaridan kelib chiqib, o‘z tanlovini amalga oshiradi. Bunda agar fuqaro saylov vaqtida xorijda bo‘lsa, u O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida tuziladigan saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin. Qolaversa, O‘zbekiston saylov qonunchiligida muddatidan oldin ovoz berish qoidasi ko‘zda tutilgan. Saylov kuni kasalligi yoki boshqa sabablarga ko‘ra, o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Saylovchi sog‘lig‘i yomonligi tufayli yoki boshqa sabablarga ko‘ra, saylov uchastkasiga kela olmagan hollarda uchastka saylov komissiyasi saylovchilar turgan joyda ovoz berishni tashkil etishi mumkin.
Saylovda ixtiyoriy ishtirok etish tamoyili fuqarolar ushbu siyosiy tadbirda o‘z xohishiga ko‘ra, hech qanaqa majburlovsiz qatnashishini anglatadi. Saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini nazorat etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekistonda saylovchi ovoz berishning maqsadga muvofiqligi hamda zarurligi masalasini o‘zi hal qiladi. Fuqaroga o‘z saylov huquqini amalga oshirishda qandaydir majburiyat yuklanmaydi. Mamlakatimizdan farqli o‘laroq bir qator davlatlarda saylovda ovoz berish fuqarolarning majburiyati sifatida ko‘riladi va undan bo‘yin tovlash nafaqat jarima tariqasidagi javobgarlikka sabab bo‘lishi, ayni paytda ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin.
Respublikamizda yashirin ovoz berish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, saylovchilarning xohish-iroda bildirishlarini har qanday davlat organi, mansabdor shaxslar, shuningdek, jamoat birlashmalari tomonidan nazorat etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonunchilikda ovoz berish, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish hamda saylovchi turgan joyda ovoz berishning yashirinligini ta'minlash saylov komissiyalarining asosiy majburiyatlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan.
Ovoz berish maxsus ajratilgan binolarda o‘tkaziladi, yashirin ovoz berish uchun kabinalar yoki xonalar jihozlanadi. Ularda fuqaro saylov byulleteniga belgini mustaqil qo‘yadi. Yashirin ovoz berish vaqtida kabinada ovoz beruvchidan boshqa biror-bir kishining hozir bo‘lishi, saylovchiga ta'sir ko‘rsatishi taqiqlanadi.
Fuqarolarning saylov vaqtida o‘z xohish-irodasini erkin ifodalanishini ta'minlashning yana bir omili – saylov kuni va ovoz berish boshlanishiga bir kun qolganida saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmasligidir.
“Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, saylovchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni yoqlab yoki ularga qarshi tashviqot yuritish huquqiga egadirlar. Davlat hokimiyati organlari saylovoldi uchrashuvlari o‘tkazish uchun saylovchilarga jihozlangan binolar, zarur ma'lumot hamda axborot materiallari berib turishlari shart. Yig‘ilishlar va uchrashuvlar o‘tkaziladigan vaqt hamda joy haqida saylovchilarga barvaqt xabar qilinadi.
Saylovlarning oshkoraligi tamoyili saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida yoritishni ko‘zda tutadi. Butun saylov kampaniyasi tom ma'nodagi oshkoralik asosida o‘tkaziladi. Oshkoralik saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish, jumladan, ovozlarni sanab chiqish, ovoz berish natijalarini aniqlash hamda saylov natijalarini belgilash tadbirlari ochiq o‘tkazilishidan dalolatdir.
Har bir fuqaro saylov jarayonida saylov okrugi va uchastkalari tuzilishi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri hamda ish vaqti, Prezidentlikka nomzodlar, ovoz berish va saylov yakunlari haqida axborot izlash, olish hamda tarqatish huquqiga ega. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasida belgilanishicha, saylov komissiyalari fuqarolarni o‘z ishlaridan, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi, saylov komissiyalarining tarkibi, ularning joylashgan yeri va ish vaqtidan voqif etadilar, saylovchilarning, shuningdek, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning ro‘yxatlari bilan tanishtiradilar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar xususidagi ma'lumotlar, ovoz berish hamda saylov yakunlaridan xabardor qiladilar. Bundan tashqari, saylov okruglari va uchastkalari, saylov komissiyalari tarkibi, nomzodlarni ro‘yxatga olish, ovoz berish hamda saylov yakunlari haqidagi axborot matbuotda e'lon qilinishi qonun bilan mustahkamlangan.
Saylov kampaniyasining oshkoraligini ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda yana bir institut – mahalliy va xorijlik kuzatuvchilar ta'minlaydi. Qonunga ko‘ra, saylovga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir tadbirlarda, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda Prezidentlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiyalardan bittadan kuzatuvchi, ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqa davlatlar, xalqaro tashkilotlar hamda harakatlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega.
Fuqarolarning saylov huquqi sohasidagi xalqaro standartlardan yana biri adolatli saylov tamoyilidir. Bu saylovlarning davriyligini qonun bilan belgilab qo‘yish, saylovoldi kampaniyasini olib borishda nomzodlarga teng imkoniyatlar taqdim qilish, saylovlarning ochiq va oshkoraligi, saylov jarayonining barcha bosqichida kuzatuvchilar ishtirok eta olishi hamda mustaqil sud demakdir.
Mustaqil sud tizimi saylov jarayonini noxolislik, firibgarlik hamda soxtalashtirishdan samarali himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. O‘zbekiston saylov qonunchiligi saylov huquqlari buzilishi va saylov jarayoni sub'yektlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Shunday qilib, milliy saylov qonunchiligi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining erkin tanlov huquqini to‘la ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Ma'lumki, demokratik siyosiy tizimning samaradorligi fuqarolik jamiyati, ya'ni fuqaro hamda davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradigan ko‘ppartiyaviylik instituti yetukligiga bog‘liq. E'tiborlisi, mamlakatimizda bo‘lajak saylovga ko‘ppartiyaviylikni fuqarolik jamiyatining siyosiy standarti sifatida belgilab bergan va demokratik tamoyillarga asoslangan saylov qonunchiligiga to‘la mos holda tayyorgarlik ko‘rilmoqda hamda Prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasida ro‘yxatdan o‘tgan barcha siyosiy partiyalar ishtirok etayapti.
Shunisi ayonki, joriy yilning 4 dekabr kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yurtimizning har bir fuqarosi hayotiga daxldor bo‘lib, bu muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirga hech kim befarq qaray olmaydi. Binobarin, fuqarolar saylovda ishtirok etish va o‘z xohish-irodasini bildirish orqali O‘zbekistonning huquqiy demokratik davlatni yanada mustahkamlash hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lidan izchil borishini ta'minlashga o‘z ulushini qo‘shadilar.
Mirzatilla TILLABOYeV,
yuridik fanlar nomzodi.
Mavzuga oid
21:09 / 05.11.2024
Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?
14:57 / 05.11.2024
Tramp yoki Harris. Ular saylovda yutishi uchun 10 sabab
21:40 / 04.11.2024
Tramp nimaning evaziga g‘olib bo‘lishi mumkin? Harris-chi? Yilning asosiy saylovi uchun batafsil prevyu
16:14 / 04.11.2024