O‘zbekiston | 18:51 / 05.10.2016
6133
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada O‘zbekistondagi prezident sayloviga bag‘ishlangan maxsus axborotnoma nashr etildi

Yevropaning Belgiya davlatida oylik axborot byulleteni Uzbekistan Profile nashrining maxsus soni chop etildi. U to‘lig‘icha O‘zbekistonda joriy yilning dekabr oyida bo‘lajak prezidentlik sayloviga bag‘ishlangan. 

Nashr sahifalarida O‘zbekistondagi Prezidentlik sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish xususida batafsil axborot taqdim etilgan. 

«Saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha barcha tayyorgarlik va o‘tkazish jarayoni saylov komissiyalari tomonidan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga to‘la rioya etilgan holda, oshkora va ochiq tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida saylov okruglari tashkil etilgan. Saylov uchastkalari va saylov okruglari to‘g‘risidagi ma'lumotlar OAVda e'lon qilinadi», – deya ta'kidlanadi byulletenda. 

Axborotnomada yozilishicha, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish, bevosita ovoz berish kuni va ovozlarni sanash chog‘ida har bir siyosiy partiya vakili, OAV vakillari va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etishi ta'minlanadi.

Unda ta'kidlanishicha, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilarning qatnashuvi, saylov jarayonining oshkoralik va ochiqlik qoidalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb yozadi jahonnews.uz sayti. 

«Siyosiy partiyalar o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ish joyi, ta'lim maskani, xizmatni o‘tash joyi, insonlar turarjoylari va saylovoldi anjumanlarida imzo yig‘ish huquqiga ega, nomzodni ilgari surish uchun kifoya qiladigan imzolar soni esa avvalgi besh foizdan bir foizga tushirilgan», ­– deb yozadi nashr. 

Axborotnomada MSKning tutgan o‘rniga alohida e'tibor qaratilgan. Xususan, davlat tizimida alohida o‘ringa ega bo‘lgan MSKga Konstitutsion organ maqomi berilishi saylovlarning demokratik, shaffof va oshkora o‘tishini ta'minlash hamda bu jarayonga boshqa davlat organlarining aralashmasligi garovi ekani ta'kidlangan. 

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Profile axborot byulleteni Yevroparlament deputatlari, YeIning boshqa institutlari vakillari, Bryusselda ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro tashkilotlar hamda Belgiya siyosiy, ishbilarmon, ekspert va jamoatchilik doiralariga tarqatiladi. 

 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid