Jahon | 11:04 / 05.10.2016
5236
2 daqiqa o‘qiladi

Tbilisida muxolifat yetakchisi Givi Targamadzening avtomobili portlatildi

4 oktabr kuni kechqurun Tbilisi shahri markazidagi "Pirimze" savdo markazi oldida parlament deputati, "Milliy birlik harakati" partiyasi vakili Givi Targamadzega tegishli avtomobil portlab ketdi.

Avtomobil ichida bo‘lgan Targamadze omon qolgan. Salonning ort qismida portlash ro‘y bergani oqibatida uning ortida turgan marshrutkalarga shikast yetgan, 3 kishi yengil darajada jarohatlangan.

Targamadze "Rustavi 2" efiirida aytishicha, portlash masofadan boshqariluvchi qurilma orqali amalga oshirilgan. U mamlakat ichki ishlar vazirligi vaziyatni oydinlashtirishiga umid bildirgan.

Keyinchalik, Gruziya IIV ma'lum qildiki, ushbu hodisa bo‘yicha "inson hayotiga suiqasd" uyushtirish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochildi.

Targamadze Saakashvili prezidentligi davrida hukumatda bo‘lgan, ayni vaqtda muxolifatda hisoblanuvchi "Milliy birlik harakati" partiyasi yetakchilaridan biri hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, bu voqea Gruziyada 8 oktabr kuni o‘tkaziladigan parlament saylovlari arafasida ro‘y berdi. Saylovda hukumatdagi "Gruziya orzusi" hamda muxolifatdagi "Milliy birlik harakati" partiyalari o‘rtasida kurash kechadi.

Mavzuga oid