15:24 / 10.10.2016
6752

Vazirlar Mahkamasida yoshlar uchun mahalliy ijtimoiy tarmoqlar yaratish masalasi muhokama qilindi

Foto: uzbekistonovozi.uz

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari Kompleksining 2016 yil 9 oyida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2015 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016 yil iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash borasida Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda amalga oshirilgan ishlar natijalari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. 

Joriy yilning 9 oyida Kompleks bo‘yicha jami 4,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, xizmatlar ko‘rsatildi. O‘sish sur'ati 2015 yilning shu davriga nisbatan 127,6 foizni tashkil etdi. Aholiga 2,9 trillion so‘mlik (122,7 foiz) pullik xizmatlar ko‘rsatildi. 

Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 247,3 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 115,5 foizga, eksport prognozi ko‘rsatkichlari ham ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturining 9 oy davomidagi ijrosi atroflicha muhokama qilindi. 

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda yoshlarning faol ishtirokini ta'minlash, yuksak ma'naviyatli, mustaqil va erkin fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan, har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishga qaratilgan yoshlarga oid davlat siyosatini izchil amalga oshirish, joylarda uyushmagan yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini muntazam o‘rganib borgan holda ularni foydali mehnatga jalb etishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi alohida ta'kidlandi. 

Majlisda madaniyat va san'at sohasini yanada keng rivojlantirish, bu masalani kompleks tarzda hal etish, insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ma'naviy barkamol etib tarbiyalash, yoshlar ongiga vatanga muhabbat tuyg‘usini yanada chuqurroq singdirish, muzeylar vositasida xalq tarixining eng yorqin sahifalarini va hozirgi hayotini, mamlakatning erkin demokratik taraqqiyotini yoritib beradigan asarlar yaratishda ijod ahliga, ijodiy jamoalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish masalalari ham ko‘rib chiqildi. 

Yoshlarni teatr va muzeylarga kengroq jalb qilish, yoshlar talabiga javob beradigan asarlar yaratish, estrada yo‘nalishini tartibga solish, bunda yaratilayotgan qo‘shiqlarning badiiy-g‘oyaviy saviyasini oshirish, muzeylar, teatrlar va kinoteatrlarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yoshlarning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida o‘zaro muloqotlari uchun qulay, ishonchli ma'lumotlarga boy bo‘lgan mahalliy ijtimoiy tarmoqlar yaratish kabi masalalar batafsil muhokama qilindi. 

Kompleks yig‘ilishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini izchil rivojlantirish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy hokimlik organlarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada keng joriy etish yuzasidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalarning borishi, xodimlarning kompyuter savodxonligi bo‘yicha bilim darajasini oshirish natijalari kabi masalalar tahlil qilindi. 

Interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatish orqali kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari hamda aholi uchun byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, ularni axborot bilan ta'minlash tizimini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar atroflicha muhokama qilindi. 

Yig‘ilishda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan tahliliy maqolalarni, ko‘rsatuv va eshittirishlarni bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. 

Yig‘ilishda Kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda 2016 yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini to‘la amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Mavzuga oid
Top