Jahon | 00:28 / 11.10.2016
10572
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Afrikadan minglab "qora yahudiylarni" qaytarishni boshladi

Foto: REUTERS

9 oktabrda Isroildagi Ben Gurion nomidagi aeroportga iudaizmga e'tiqod qiluvchi efiopiyalik 63 fuqaro keltirildi. Bu falashmura yoki "qora yahudiylar" ummatidan keltirilgan birinchi vakillar bo‘ldi. Ular jami 6 mingdan 9 minggachani tashkil qilib, Isroil ularni oxirgi vaqtlar tartibsizliklar girdobida qolgan Efiopiyadan qaytarmoqchi. Yil oxirigacha bu ummatning 1300 a'zosini Isroilga olib chiqish rejalashtirilmoqda. 

Isroilning bunday xavotiriga 6 oktabrda Efiopiyaning Gondar shahridagi to‘qnashuvlarda falashmura ummati a'zosi Veta Cheklaning halok bo‘lishi sabab bo‘ldi. Chekla Isroilga qaytarilishga navbatda turgan bo‘lgan va "Kichik Efiopiya" yahudiy sayti Isroilni ular "repatriantlarni tana rangiga qarab saralayotgani" sababli repatriatsiyani (vatanga qaytarish) cho‘zishda aybladi. 

8 oktabrda "Isroil xalqaro nasroniylik elchixonasi" tashkiloti Efiopiyadan 523 yahudiyni qaytarishni moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan va bu maqsadlar uchun yarim million dollar ajratishga va'da bergan. Bu holat repatriatsiya masalasini "qotgan joyidan" siljitishga omil bo‘ldi, chunki Isroil hukumati anchadan beri repatriatsiya uchun byudjyet mablag‘larini ajratish bo‘yicha kelisha olmayotgandi. 

Falashmura anchagina o‘ziga xos etno-diniy guruh bo‘lib, qadimda Efiopiyaga borib qolgan yahudiylar avlodlari va iudaizmni qabul qilgan efiopiyaliklar uning a'zolari hisoblanadilar. Ravvin sudi ularni vatanga qaytarilishi kerak bo‘lgan to‘laqonli yahudiylar deb tan olgach, ulardan aksariyati 1984-1985 yillarda Isroilga olib chiqib ketilgan. 

Biroq 5 mingga yaqin falashlar Efiopiyaning qadimgi poytaxti Gondarda qolib ketgandilar. Ularning repatriatsiya masalasi Isroilda bir necha bor ko‘tarilgan. 2015 yilda Isroil vazirlar mahkamasi ularni repatriatsiya qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilgan, biroq bu maqsadlar uchun mablag‘larning yo‘qligi sababli ish joyidan qo‘zg‘almay turgan.  

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid