Jahon | 20:59 / 13.10.2016
6383
2 daqiqa o‘qiladi

Halab sharqida ikki hafta ichida 400 nafardan ortiq kishi halok bo‘ldi

Foto: tvc.ru

23 sentabrdan 8 oktabrga qadar Halabning sharqiy qismida 400 nafardan ziyod kishi o‘ldirildi va 1400ga yaqin kishi jarohat oldi. Bu haqida 13 oktabr, payshanba kuni BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtiruvchi idorasi (GMMI) ma'lumotiga tayanib, TASS agentligi xabar berdi. 

GMMIning axborot byulletenida ta'kidlanishicha, joriy yilning 23 sentabridan 8 oktabriga qadar Halabda 406 nafar kishi halok bo‘lgan, ularning 114 nafari bolalar va 56 nafari ayollar bo‘lgan. Shuningdek 1384 nafar kishi jarohatlangan, ularning 279 nafari bolalar va 110 nafari ayollardan iborat.

Shaharda yettita gospital xizmat ko‘rsatmoqda. Ularda 30 nafar shifokor ishlaydi. Yuqorida qayd etilgan vaqt davomida 5 nafar shifokor halok bo‘lgan.

"Halabda tibbiyot xodimlari, shuningdek dori-darmon va tibbiy mahsulotlar yetishmaydi", - deya ta'kidlanadi byulletenda. Suv ta'minotining buzilishi tufayli "kasalliklar o‘choqlari xavfi oshgan".

GMMI bu ma'lumotlarni bugun Jyenevada bo‘lib o‘tgan Suriyadagi gumanitar masalalar bo‘yicha ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishda taqdim etdi. 

Joriy yilning aprel oyidan Suriyaning qamaldagi Dayr az-Zur shahrida aviatsiya yordamida 130dan ortiq gumanitar operatsiya amalga oshirilgan. 

 

Mavzuga oid