Suriyaning Halab şahrida bir neça kundan buyon markaziy hokimiyat armiyasi va kurd köngilli laşkari örtasida janglar davom etmoqda.

Halabning kurdlar yaşovçi ikki tumanida artilleriya qöllangan holda olib borilayotgan janglar seşanba kuni boşlangan. Mahalliy manbalarga köra, qurolli töqnaşuvlar oqibatida birinçi kuni olti kişi halok bölgan.

Reuters agentligi xabariga köra, tunda sukunat hukm surgan, ammo çorşanba kuni janglar qaytadan avj olgan. Halab soğliqni saqlaş boşqarmasiga köra, yana kamida tört kişi halok bölib, 18 kişi yaralangan.

Çorşanba kuni Suriya hukumati kurd jangarilaridan Halabning Şayx-Maqsud va Aşrafiya kvartallarini tark etiş hamda tinç aholi xavfsizlikda bölişini ta’minlaşni talab qildi.

Suriya kurdlari fuqarolik uruşi davrida mamlakatning şimoli-şarqiy qismida, şuningdek, Halabda öz muxtor hududlarini taşkil etişgandi. Damaşqdagi yangi hokimiyat bilan kelişuvga muvofiq, kurdlarning qurolli tuzilmasi hisoblangan Suriya demokratik kuçlari 2025 yil oxirigaça töliğiça Suriya armiyasi tarkibiga qöşilişi közda tutilgandi. Ammo bu reja amalga oşmadi va tomonlar bunda bir-birini ayblamoqda.

Suriya armiyasi tinç aholini evakuatsiya qiliş uçun belgilangan muddat tugaganidan keyin Halab şimolidagi kurd kvartallarini öqqa tutişga kirişganini ma’lum qilgan.

Suriyalik harbiylar Halabning Şayx Maqsud va Aşrafiya tumanlarini çorşanba kuni soat 15:00 dan (Grinviç böyiça 12:00) «yopiq harbiy zonalar» deb e’lon qilgan va şu bilan bir vaqtda tinç aholi olib çiqilişi uçun «ikkita xavfsiz gumanitar yölak» yaratdi, deb xabar bermoqda France Press agentligi.

AFP’ning Halabdagi muxbirlari belgilangan muddat yakunlanişi arafasida minglab kişilar uşbu hududlarni tark etayotganiga guvoh bölişgan.

«Biz uruşdan qoçyapmiz va qayerga borişimizni bilmaymiz. 14 yildan buyon uruş içidamiz, yetar endi», – degan AFP muxbiriga 38 yoşli Ahmad.

41 yoşli Ammar Radji esa oilasi bilan «juda oğir şaroitda köçişga majbur bölayotgani»ni aytgan.

«Mening olti bolam bor, ikkisi juda yoş. Qörqamanki, biz endi qayta olmaymiz», – degan Radji. Bu uning oilasi qoçişga majbur bölayotgan ilk holat emas: olti yil muqaddam harbiy harakatlar tufayli ular mamlakat şimolidagi ona şahri Manbijni tark etişgandi.