O‘zbekiston | 14:37 / 18.10.2016
8738
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda jahon shaxmat yulduzlari ishtirokida xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda

Toshkentda 16-22 oktabr kunlari  buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 680 yilligiga bag‘ishlangan jahon shaxmat yulduzlari ishtirokida xalqaro turnir bo‘lib o‘tmoqda.

Mukofot jamg‘armasi 50 ming AQSh dollari bo‘lgan mazkur turnir tezkor shaxmat yo‘nalishida o‘tkazilib, unda jahon shaxmat yulduzlari – XVII jahon chempioni (2004 yil) o‘zbekistonlik Rustam Qosimjonov, XVI jahon chempioni (2002 yil) ukrainalik Ruslan Ponamarov, Jahon  kubogi g‘olibi (2013 yil) isroillik  Boris Gelfand, rapid yo‘nalishi bo‘yicha 2013 yilgi jahon chempioni ozarboyjonlik Shahriyor Mamedyorovlar ishtirok etmoqda.

Musobaqa 4 davrada o‘tkazilib, yig‘ilgan ochkolar soni bo‘yicha g‘olib aniqlanadi. 

Shu munosabat bilan kuni kecha shaxmat bo‘yicha Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ta'kidlanganidek, Xalqaro shaxmat federatsiyasiga (FIDe) a'zo davlatlarning soni esa 170 tani tashkil etadi. Shubhasiz, O‘zbekiston ham ana shunday  mamlakatlar sirasiga kiradi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi a'zosi Olimjon O‘sarovning ma'lum qilishicha, mustaqillik sharofati bilan mamlakatda sportning mazkur turini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. 1996 yilning mart oyida O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi tashkil etildi va  maktabgacha ta'lim muassasalari, maktablar, oliy o‘quv yurtlari, yozgi dam olish maskanlarida ham shaxmat to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda mahoratini oshirgan o‘g‘il-qizlar "Umid nihollari", "Barkamol avlod" va Universiada sport o‘yinlarida hamda o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi respublika chempionatlarida toblandilar. O‘ziga xos bo‘lgan bunday noyob tizim xalqaro musobaqalarda  o‘zbekistonlik shaxmatchilar erishayotgan yutuqlar uchun poydevor vazifasini o‘tadi.  Natijada qisqa vaqt ichida o‘nlab o‘zbek shaxmat ustalari jahon chempioni, degan yuksak nomga sazovor bo‘lishdi. Rustam Qosimjonov, Nodir Abdusattorov, Javohir Sindarov, Shamsidin Vohidov aql-zakovat bahsida dunyoda tengsiz ekanligini namoyish etishdi.

 

Mavzuga oid