O‘zbekiston | 14:51 / 23.10.2016
9150
4 daqiqa o‘qiladi

Narimon Umarov axborot sohasini yanada demokratlashtirish masalasiga alohida e'tibor qaratishini bildirdi

Foto: «Adolat» SDP matbuot xizmati

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Narimon Umarov partiyaning VIII Qurultoyidagi ma'ruzasida demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tdi.

U axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratishini ta'kidlab o‘tdi.

«Biz demokratik jamiyatni matbuot erkinligisiz, o‘z xohish-irodasini erkin bildirish va saylov erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, deb bilamiz va «Oshkoralik — fuqarolik jamiyatining muhim sharti» tamoyiliga tayangan holda, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratamiz. Axborot sohasida raqobat muhitini yanada kuchaytirish, olib borilayotgan islohotlarning, davlat ichki va tashqi siyosatining ochiq va oshkoraligini ta'minlashda OAVning faolligini oshirish zarur, deb bilamiz. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini, hokimiyat va jamoatchilikning izchil aloqasini ta'minlashda OAVning rolini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yangilash, texnologik modernizatsiya qilish, jurnalist kasbi nufuzini oshirish, soha xodimlarining mehnatini moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish kabi masalalar ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi», — dedi siyosatchi.

Shuningdek u saylovoldi dasturida davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta'minlash masalasiga e'tibor qaratishini aytib o‘tdi. 

«Davlat va jamiyat boshqaruvida aholining munosib ishtirokini ta'minlash ham e'tiborimiz markazidagi masalalardandir. Ayni shu sababdan siyosiy islohotlarning yanada chuqurlashtirilishi, jamiyatda demokratik qadriyatlarning mustahkamlanishi va rivojlanishi, adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta'minlanishi uchun bor kuchimizni safarbar etamiz», — ta'kidladi Narimon Umarov.

«Biz vakillik hokimiyati, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va rolini yanada kuchaytirish, parlamentarizmni rivojlantirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini keng joriy etishni yoqlaymiz. Shuningdek, hokimiyatning barcha darajadagi boshqaruv organlari vakillari hamda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro ochiq muloqot va to‘g‘ridan-to‘g‘ri munosabatlarni yanada kengaytirish, davlat xizmati va davlat xizmatchilari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash tarafdorimiz», — qo‘shimcha qildi u.

Bu, o‘z navbatida, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim masalalarini yechishda eng maqbul qarorlarni shakllantirish va qabul qilish jarayonida aholining faol ishtirokini ta'minlash, ijtimoiy adolat tamoyillarini hayotga keng tatbiq etish, byurokratizm va korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlarini bartaraf etishga ham xizmat qiladi, deyiladi ma'ruzada.

«O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash vazifasi davlat, hokimiyat, biznes va fuqarolik jamiyati institutlari sa'y-harakatlarini uyg‘unlashtirish va muvofiqlashtirish, jamoatchilik nazorati institutini yanada kuchaytirishni talab etadi. Iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan qabul qilinayotgan qonun hujjatlari, davlat ijtimoiy dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini keng jamoatchilik ishtirokida ekspertizadan o‘tkazish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning sog‘liqni saqlash, ta'lim, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalaridagi muammolarni hal qilishdagi ishtirokini kuchaytirish kabi masalalar bizning doimiy e'tiborimiz markazida bo‘ladi» — dedi Narimon Umarov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid