Jahon | 22:01 / 25.10.2016
11114
3 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidenti G‘arb siyosatchilarini "tentaklar" deb atadi

© AP Photo

Filippin Rodrigo Duterte chorshanba kuni Yaponiyaga uyushtirgan safari vaqtida Tokiodagi vatandoshlari bilan uchrashdi. U bu uchrashuv vaqtida o‘zini tanqid qilayotgan G‘arb mamlakatlari siyosatchilarini "tentaklar" deb atagan. Bu haqda Yaponiyadagi Kiodo agentligi xabar berdi.

Tokioga kelishi bilan Filippin rahbari Yaponiyada yashab kelayotgan minglab filippinliklar bilan uchrashgan. Filippinliklar uni iliq kutib olishgan. Tokiodagi mehmonxona zallari uchrashuvga kelganlarning barchasini sig‘dira olmagach, yuzlab kishilar prezidentning so‘zlarini tinglash uchun ko‘chada turishga rozi bo‘lgan.

Duterte Yaponiya Filippinning "asosiy yordamchisi" ekanini qayd etgan va Yaponiya tomonidan o‘ziga nisbatan yomon so‘zlar aytilmayotganini e'tirof etgan.

Shu bilan birga u AQSh va G‘arb mamlakatlari vakillariga qarata ayovsiz so‘zlarini yo‘llagan.

"Yevroittifoq va AQSh menga hujum qilishmoqda. Ular aytishmoqdaki, giyohvandlikka qarshi tadbirlar doirasida 3 ming kishi halok bo‘lgan. Bu tentaklar hech narsani tushunmaydi. Filippinda 3 million narkoman bor. Mana raqamlar qanaqa", — degan Duterte.

Yaponiyada 230 ming filippinlik yashaydi. Filippinda prezident nufuzi 86 foizga yetgan.

Yaponiyadagilar Filippinning Xitoy bilan yaqinlashuvi hamda yaponlarning eski ittifoqchisi AQSh bilan munosabatlarni yomonlashtirishidan tashvishga tushishgan. Bu masala Janubiy Xitoy dengizidagi xavfsizlik va mintaqadagi boshqa muammolarga ham taalluqlidir.

Duterte ishchi tashrif davomida Yaponiya TIV rahbari Fumio Kisido bilan uchrashgan. Tomonlar do‘stona aloqalarni davom ettirish tarafdori ekani ta'kidlangan. Duterte tashrif davomida Yaponiya bosh vaziri Shinzo Abe bilan ham uchrashdi.

Shu yilning mayida Filippin prezidenti etib saylangan Rodrigo Duterte ilk kunlardanoq giyohvandlik muammosiga qarshi keng ko‘lamli kurash boshladi. Politsiya ma'lumotlariga asosan, uning hokimiyat tepasiga kelganidan buyon 3 ming kishi giyohvand moddalar savdosiga aloqadorligi uchun o‘ldirilgan.

Xalqaro hamjamiyat Filippin hukumatining bu siyosatini qattiq qoralab kelmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid