Iqtisodiyot | 15:41 / 25.10.2016
20832
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bir qator qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biriga aylandi

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 2014 yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzuidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimidagi nutqidan olingan bu so‘zlarni har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, fermeru tadbirkorlar yaxshi eslaydi. 

“Jahonda kamdan-kam uchraydigan tabiiy va tuproq-iqlim sharoitlarining uyg‘unligi tufayli dunyodagi eng mazali va eng foydali meva-sabzavotlar faqat bizning mintaqamizda yetishtirilishi mumkin.

Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zaminida yetishtiriladigan meva va sabzavotlar yuqori nufuzga ega bo‘lgan haqiqiy brendga – tovar belgisiga aylanib, bu mahsulotlarni sotib oladigan mamlakatlarda ular yuksak raqobatdoshligi bilan ajralib turadi...”

Islom Karimov rahnamoligida agrar sohani ravnaq toptirishga alohida e'tibor qaratildi. Yer haqiqiy egasini topdi, yangi bog‘lar barpo etilib, oziq-ovqat ekinlari maydoni kengaytirildi. Hayot tarzimiz, yerga munosabatimiz tubdan o‘zgardi. Dehqonchilikning katta ilm, o‘ziga xos madaniyat ekanligi anglab yetildi.

2006 yil 11 yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini joriy qilish va fermerlik harakatining yanada rivojlanishi uchun keng yo‘l ochib berdi. Natijada intensiv texnologiyalar joriy qilinib, sifatli va mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilibgina qolmasdan, tashqi bozorga ham mahsulot chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Eksport geografiyasi tobora kengaymoqda. O‘zA shu mavzuga to‘xtalib o‘tdi.

Xalqaro mutaxassislarning e'tiroficha, yurtimizda yetishtirilgan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlari mazasi shirinligi, xushta'mligi, eng asosiysi, foydali va to‘yimliligi bilan jahon bozorida juda xaridorgir.

– Joriy yilning yozida poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bizda katta taassurot qoldirdi, – deydi Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Qahramon Ilhombekov. – Nufuzli tadbirning xorijlik ishtirokchilari bizning bog‘imizga ham keldi. 140 gektar maydondagi intensiv bog‘da g‘arq pishgan olma, olxo‘ri, o‘rik, nok, shaftoli, gilos kabi mevalar mehmonlarga juda manzur bo‘ldi. Oftob nuridan rang olgan, hidi dimog‘ingizni qitiqlaydigan mevalar kimni maftun etmaydi, deysiz. Mahsulotlarimizni MDH va Yevropa mamlakatlariga eksport qilmoqdamiz.

Yurtimiz tuprog‘i oltinga teng. Buni dalaning o‘zidanoq saralanib eksportga jo‘natilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmining kundan-kunga ortib borayotgani ham ifodalab turibdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining eksportini ko‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida joriy yilning o‘tgan davrida 2 milliard 184 million dollarlik shartnomalar imzolangani buning yorqin isbotidir.

Yurtimizda saxiy quyosh taftida pishib yetilgan, mahalliy korxonalarda «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» belgisi bilan eksport qilinayotgan mahsulotlar dunyoda brend darajasiga ko‘tarilib, xaridorlar e'tiborini tortayotgani bor gap.

Toshkentda bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik. 

– Mana bu qovunni bir hidlab ko‘ring-a, farang atridan qolishmaydi-ya, – deydi Ispaniyaning “Lendel Media Solutions” kompaniyasi xalqaro tijorat menejyeri Raul Mir Soll. – Mazasini aytmaysizmi?! Xorazmda yetishtirilgan bu qovunlar bizga juda yoqdi.

– Tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan korxonalardan biri – “Xorazm qovunlari” mas'uliyati cheklangan jamiyati zamonaviy uskunalar ko‘magida Janubiy Koreyaga qovun eksportini yo‘lga qo‘ydi, – deydi Xorazm viloyati hududlarni kompleks rivojlantirish yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i Davron Sobirov. – Viloyatimizdagi 30 korxona joriy yilning to‘qqiz oyida 7,9 million dollarlik mahsulot eksport qildi. Yil oxiriga qadar yana 5,7 million dollarlik mahsulot xorijga yetkazib beriladi.

Shahrisabz tumanidagi “Shahrisabz meva-sabzavot” agrofirmasi joriy yil hisobidan chet ellik hamkorlar bilan mahsulot savdosini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga ega.

– Ayni vaqtda hamkorlarimizga qariyb 80 ming dollarlik mahsulot yetkazib berdik, – deydi agrofirma rahbari Saidjon Shokirov. – Yaqin orada 60 tonnaga yaqin xurmo va uzum jo‘natamiz. Rossiyaga yong‘oq, Afg‘oniston, Pokiston va Hindistonga mosh eksporti bo‘yicha kelishib olganmiz. Korxonamizda meva quritishni yo‘lga qo‘yib, olma va olxo‘rini tabiiy usulda quritdik. Saralab, qutilarga joylangan bu mahsulotlarning ham xaridori tayin. Ufa shahrida savdo uyimizni ochdik.

– Xo‘jaligimiz uzumchilikka ixtisoslashgan, – deydi Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Jaf” fermer xo‘jaligi rahbari Asatilla Jo‘rayev. – 80 gektar maydonga uzumning oq hamda qora kishmish navlarini ekkanmiz. Hosilning katta qismini quritib, har yili o‘rtacha 4-5 tonna mayiz olamiz. Joriy yilda Rossiyaga 40 tonna uzum eksport qildik. Birlashgan Arab Amirliklari bilan 136 ming 700 dollar va Xitoyga 160 ming dollarlik mayiz yetkazib berish borasida shartnomamiz bor. 

Avvallari mevalar pishish mavsumiga qarab baholanardi. Pishiqchilik vaqtida arzon noz-ne'matlar qishda “anqoning urug‘i”ga aylanar, biror joydan surishtirsangiz “hozir mavsumi bo‘lmagan narsani so‘rayapsiz-da”, deb javob qaytarardi. Keyingi yillarda bozorlarda sotilayotgan meva-sabzavotlarga nisbatan “mavsum” so‘zini ishlatish ijobiy ma'noda urfdan qolmoqda. Sababi, bog‘bonu sohibkorlarning fidokorona mehnati evaziga yetishtirilgan noz-ne'matlarni yil davomida saqlash infratuzilmasi shakllandi. Joylarda ishga tushirilgan sovutgichlar bozorlarimizning qishda ham yozdagidek fayzli bo‘lishini ta'minlamoqda.

Bir vaqtlari yetishtirgan mahsulotining ko‘pgina qismi nest-nobud bo‘lishidan aziyat chekkan sohibkor, endilikda ularni sovutish omborlarida saqlamoqda. Bu infratuzilma borgan sari takomillashib bormoqda. Misol uchun, o‘tgan yilda 77 ming 800 tonna sig‘imga ega 114 yangi sovutish kamerasi qurildi. Mavjudlari ham zamonaviy tarzda modernizatsiya qilingach, meva-sabzavot saqlashning umumiy quvvati 832 ming tonnaga yetdi. Bu ichki bozorda narx-navoni barqaror ushlab turish va kuzgi-qishki mavsumda ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kafolatli ta'minlash imkonini bermoqda.

Bugun mahsulotlarimiz yilning istalgan vaqtida xorijiy mamlakatlarga jo‘natilmoqda. Norvegiya, Vetnam, Tailand, Braziliya, Kipr, Makedoniya, AQSh va Lotin Amerikasi davlatlari aholisi ham O‘zbekiston mirishkorlari yetishtirgan mahsulotlarni sevib iste'mol qilmoqda.

Bundan 25 yil muqaddam asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini import hisobidan qoplagan O‘zbekiston endilikda aholining kundalik iste'mol tovarlariga bo‘lgan talabini yurtimizda yetishtirilgan mahsulotlar hisobidan ta'minlab, eksport hajmini ham oshirish imkoniga ega bo‘ldi. O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportga chiqarish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biriga aylandi. Jahonning 80 davlatiga 180 turdan ortiq sarxil meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar yetkazib berilmoqda.

Mahsulot qanchalik sifatli bo‘lsa, eksport ko‘lami ham shuncha oshadi. Bundan barcha birdek manfaatdor. Hududlarda yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari barpo etiladi. Ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu xalqimiz farovonligining yanada ortishi, iqtisodiyotimizning ravnaq topishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid