O‘zbekiston | 18:36 / 26.10.2016
11365
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida amnistiyaga oid qaror ijrosiga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilish o‘tkazildi

Foto: prokuratura.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev taqdimnomasiga muvofiq Oliy Majlis Senati tomonidan shu yil 12 oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror xalqimizga xos bag‘rikenglikning yana bir yuksak namunasi bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida mazkur qaror mazmun-mohiyati, uning ijrosini izchil ta'minlash bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda shu yo‘nalishdagi vazifalar muhokama etildi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan ma'lumot berildi. Jazoni ijro etish joylaridan qaytishi kutilayotgan shaxslarning jamiyatga moslashishiga imkoniyat berish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta'minlash, yolg‘iz va yordamga muhtojlarga tegishli yordam ko‘rsatish, voyaga yetmaganlar o‘z ota-onalari yoki vasiylik organlarining nazoratiga topshirilishi, tibbiy yordamga muhtojlarga sog‘lig‘ini tiklashi uchun sharoit yaratishga oid chora-tadbirlar belgilab olindi.

Amnistiya aktining ochiq-oshkoralik tamoyillari asosida qo‘llanilishi, bunda jamoatchilik nazorati, xususan, deputatlar korpusining bevosita ishtirokini ta'minlash yuzasidan zarur choralar ko‘rilayotir. Shu maqsadda senatorlar, deputatlar, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(Ombudsman)ning mintaqaviy vakillari, Fuqarolik jamiyati institutlari xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilgan. Bu mamlakatimizda jamiyatni demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirayotgan ishlarining amaliy tasdig‘idir.

Tadbirda amnistiya to‘g‘risidagi qaror ijrosini ta'minlash, mazkur jarayonda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va mutasaddi idoralar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish masalalariga e'tibor qaratildi. Qarorning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta'minlash maqsadida mas'ul idoralar xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha joylarda o‘quv-seminarlar tashkil etiladi.

Mavzuga oid