Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston hukumat a'zolari tadbirkorlar bilan ochiq suhbat tashkil etishdi
Bugun, 27 oktabr kuni Toshkent shahridagi «Istiqlol» san'at saroyida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Davlat soliq, bojxona qo‘mitalari, Adliya, Ichki ishlar vazirliklari mas'ul xodimlari, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 5 oktabrda imzolagan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon ijrosi bilan bog‘liq masalalarga e'tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev, ichki ishlar vaziri A.Ahmadboyev va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvatlashga doimiy e'tibor qaratilayotgani iqtisodiyotimiz barqarorligi va xalqimiz farovonligida muhim o‘rin tutayotganini ta'kidladi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jamiyatimizning, taraqqiyotimiz va farovon hayotimizning mustahkam tayanchi bo‘lishi shart, degan ulug‘ maqsadi amalda ro‘yobga chiqdi. Bu xayrli ishlarning izchil davom etayotgani mamlakatimizning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Farmonga ko‘ra kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng erkinlik berish uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. Endilikda tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlar tubdan qisqaradi. Bu sohada huquqbuzarliklarning barvaqt oldi olinishini ta'minlash, ularning profilaktikasi samaradorligini oshirish va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaslik davlat organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida belgilandi.
2017 yilning 1 yanvaridan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirishlarning barcha turlari bekor qilinadi. Birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik sub'yekti yetkazilgan zararni ixtiyoriy bartaraf etsa javobgarlikning barcha turlaridan ozod qilinadi. Bu imkoniyatdan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan amalga oshirayotgan shaxslar ham foydalanishi mumkin. Demak, ular o‘z faoliyatini qonunga muvofiqlashtirishi zarur. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jinoiy jazo qo‘llash taqiqlangan.
– Tadbirkorlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar bizni Vatanimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilishga undaydi, – deydi Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Ziyo baraka teks” oilaviy korxonasi rahbari Mehriniso Islomova. – Farmon ijrosi doirasida hokimliklar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bevosita ko‘magi, qo‘llab-quvvatlashi bilan faoliyatimizni kengaytiryapmiz. Kelgusi yildan boshlab ishlab chiqarayotgan kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiq jildi va boshqa mahsulotlarimizni xorijga eksport qilishni mo‘ljallamoqdamiz.
Farmonga ko‘ra mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yangidan tashkil etilgan ishlab chiqarish korxonalariga besh yil mobaynida ular ro‘yxatdan o‘tkazilgan sanada amalda bo‘lgan soliq stavkalari va boshqa majburiy to‘lovlarni qo‘llash huquqi beriladi.
– Bu xorij investitsiyasi asosida faoliyat yuritayotgan korxonalarga berilgan katta imkoniyatdir, – deydi poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan “Apiteks” mas'uliyati cheklangan jamiyati bosh direktori o‘rinbosari Adham Ziyoyev. – Bizning korxonamiz ham ana shunday korxonalar sirasidan bo‘lib, import o‘rnini bosuvchi, sanoatbop texnik to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Yuzdan ziyod ishchi mehnat qilayotgan korxonamiz jamoasi yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib faoliyatini kengaytirmoqda va yangi ish o‘rinlari yaratishni mo‘ljallaganmiz.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil instituti tashkil etilishi muhim yangilik ekani qayd etildi. Farmon ijrosi doirasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ta'kidlandi.
Bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilayotgani mamlakatimizda tadbirkorlarga, ayniqsa, kichik biznes va xususiy tadbirkorlarga erkin va samarali ish yuritish, iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qo‘shishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bu xalqimiz farovonligi oshishi, mamlakatimiz taraqqiyoti yanada yuksak pog‘onalarga ko‘tarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 21 oktabr kuni imzolagan "Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmon mazmun-mohiyati haqida ham so‘z yuritildi.
Ochiq muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda vidokonferentsaloqa tizimi orqali poytaxtimizning barcha tumanlarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub'yektlari vakillari muloqotga qo‘shilish imkoniga ega bo‘ldi. Tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javob oldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.Abdullayev, Toshkent shahar hokimi R.Usmonov so‘zga chiqdi.
Manba: O‘zA
Mavzuga oid
15:37 / 06.05.2026
Markirovkali suv va ichimliklarni agregatsiyalash kechiktiriladi
11:15 / 06.05.2026
Raqobat qo‘mitasi peshlavhalarga oid hujjat loyihasini e’lon qildi
18:42 / 05.05.2026
Tadbirkorlarni qiynayotgan soliqqa oid ayrim muammolar bo‘yicha prezidentga takliflar kiritildi
17:45 / 05.05.2026