Qonunchilik palatasining Shavkat Mirziyoyev va Rustam Azimov ishtirokidagi majlisida 2017 yilgi Davlat byudjyeti qabul qilindi
28 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot xizmati xabar berdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Deputatlar O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Byudjyetnomasi – Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlari, shuningdek, soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Majlisda ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari – moliya vaziri Rustam Azimov ma'ruza qildi.
Ta'kidlandiki, mamlakatimizning asosiy moliyaviy hujjati iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulkning o‘rni va rolini tubdan oshirish, xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilish hisobidan yuqori iqtisodiy sur'atlarni ta'minlash vazifasini nazarda tutadi.
Mamlakatimiz hukumatining joriy yil 15 yanvardagi majlisida hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining shu yil 8 sentabrdagi qo‘shma yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida 2016 yil uchun iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlar makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga muvaffaqiyatli erishishni, joriy yilda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini hamda Davlat byudjyetining samarali ijro etilishini ta'minlamoqda. Taqdim etilgan loyihalar makroiqtisodiy muvozanatni va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishga, davlat qarzining asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslikka, aholi daromadlari va turmush darajasini yanada yuksaltirishni ta'minlashga, chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarga va muhandislik, yo‘l-transport hamda ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish bo‘yicha faol investitsiya siyosatini yuritishga, shuningdek, byudjyetlararo munosabatlarni takomillashtirish, hududlarning daromad bazasini ko‘paytirish va mahalliy byudjyet xarajatlarini maqbullashtirib, subventsiya oluvchi hududlarni kamaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, kelgusi yil soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihasi soliq yukini yanada kamaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini yaxshilash, byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalar miqdorini yanada oshirishni, byudjyet mablag‘larini samarali rejalashtirishga, ulardan foydalanishning natijadorligini oshirishga hamda byudjyetlararo munosabatlarni takomillashtirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Deputatlar kelgusi yil uchun shakllantirilgan soliq-byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘lgan yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning 6,9 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning 6,2 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,6 foizga o‘sishi ko‘zda tutilayotganligini alohida qayd etdilar.
Parlament a'zolarini qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan olingan batafsil axborotdan so‘ng mamlakatimizning 2017 yilgi Davlat byudjyeti loyihasi atroflicha muhokama qilindi. Muhokama davomida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhi vakillari so‘zga chiqdilar. Deputatlar iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarini, ta'lim, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat va jamiyatimiz hayotining boshqa jabhalarini rivojlantirish dasturlari o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashtirilishi muhimligini ta'kidladilar.
— Fraksiyamiz a'zolari 2017 yilgi Byudjyetnoma loyihasida soliq siyosatida soliq yukini pasaytirish, soliq tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini yaxshilash ko‘zda tutilayotganiga alohida e'tibor qaratdilar, — deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi E.Xolbo‘tayev. – Xususan, kelgusi yilda mamlakat iqtisodiyotiga soliq yukini yalpi ichki mahsulotga nisbatan joriy yildagi 20,2 foizdan 18,9 foizgacha kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Eng muhimi, 2017 yilda iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini yanada rivojlantirishni ta'minlash maqsadida kelgusi yilda amal qilish muddati tugayotgan soliq imtiyozlarining muddatini uzaytirish taklif etilmoqda. Bu esa tadbirkorlar tasarrufida kelgusi yilning o‘zida qariyb 500 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘larni qoldirish imkonini berib, ularga o‘z aylanma mablag‘larini to‘ldirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va texnologik qayta jihozlashni amalga oshirishlari uchun qo‘shimcha manba bo‘lib xizmat qiladi.
— Kelgusi 2017 yilgi Byudjyetnoma yangicha yondashuvlar asosida mukammal, chuqur tahlillarga asosan ishlab chiqilgan. Mazkur hujjatda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilayotgan maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlarni, shuningdek, oxirgi paytlarda qabul qilingan Prezident Farmon va Qarorlarida belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlashga qaratilganligi e'tiborga molik, — deydi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi D.Jalilova. — 2017 yilgi Davlat byudjyeti loyihasida madaniyat muassasalarini saqlash va sport tadbirlarini o‘tkazish xarajatlarining hajmi joriy yilga nisbatan 16,7 foizga oshirilganligi, bunda respublikaning tarixiy-me'moriy, ijtimoiy-madaniy va turizm salohiyatini ehtiyotlab saqlashni ta'minlash, shuningdek, yanada ommalashtirish va targ‘ib qilish maqsadida, mamlakatimizdagi madaniy va arxeologiya merosi obektlarida konservatsiyalash va restavratsiya qilish ishlarini o‘tkazish bo‘yicha dasturni moliyalashtirish uchun Davlat byudjyetidan 25,8 mlrd. so‘m, ya'ni joriy yilga nisbatan 1,17 marta ko‘p mablag‘ ajratish taklif etilmoqda. Bu xalqimizning tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylab saqlash imkonini beradi.
— Ijtimoiy sohaga ajratilgan Davlat byudjyeti mablag‘larining ulushi oshirilishi bizning e'tiborimizdagi asosiy masala, — deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a'zosi Sh.Tursunboyev. — Kelgusi yilda byudjyet tashkilotlari xodimlarining ish haqi to‘lovlari, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirilishining izchil davom ettirilishi aholi turmush darajasining yuksalishiga xizmat qiladi. Undan tashqari, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘quv yuklamalarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi takliflar, ta'lim muassasalarida pedagogik ish yuklamasining kamayishi hisobiga amalga oshirilayotganligi o‘qitish jarayoni samarasini ta'minlash bilan birga o‘qituvchilarning ish vaqtidan oqilona foydalanishiga imkon yaratadi.
Davlat byudjyetining umumiy xarajatlarida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ajratilgan xarajatlar 2000 yilda 42,5 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda kutilayotgan 59,5 foizdan, 2017 yilda 59,7 foizga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, kam ta'minlangan va moddiy yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga va bolali oilalarga beriladigan nafaqalar uchun ajratilgan xarajatlar 2017 yilda qariyb 2,6 trln.so‘mdan ortiq miqdorda, ya'ni 2008 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p mablag‘ ajratilishi rejalashtirilayotgani chuqur o‘ylangan ijtimoiy siyosatning natijasidir.
— Mamlakatimizning ilmiy-texnik salohiyatini to‘liq ishga solish imkonini beruvchi innovatsion iqtisodiyotning yaratilishi muhim vazifa hisoblanadi, — deydi “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi A.Q.Shodmonov. –– Fraksiyamiz iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik qayta jihozlash tadbirlariga katta e'tibor beradi.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti fan va texnikaning eng ilg‘or yutuqlariga, iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishga va xalq ta'limi tizimiga tayanishi lozim. Bu borada 2017 yilgi Davlat byudjyeti loyihasida joriy yilga nisbatan 13,0 foizga oshirilgan holda ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ilm-fanni yanada rivojlantirish va davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari doirasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish imkonini beradi.
— Aholini ichimlik suvi, ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlashni, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligiga e'tibor qaratdik, — deydi O‘zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining rahbari B.Alixonov. –– Jalb etilayotgan investitsiyalarning, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik muammolarni hal qilish uchun ajratilayotgan Davlat byudjyeti mablag‘laridan maqsadli, samarali foydalanilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratish maqsadga muvofiqdir.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev so‘zga chiqdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokama chog‘ida bildirilgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasining 2017 yilgi Davlat byudjyetini va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjyetlarini hamda soliq va byudjyet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi va tegishli qaror qabul qildi.
Mavzuga oid
19:08 / 25.10.2024
Saylovda 1 milliondan ortiq fuqaro muddatidan oldin ovoz berdi
20:25 / 23.07.2024
Xorijdagi mahkum o‘zbekistonliklar jazoni vatanida davom ettirishi mumkinligi belgilanmoqda
19:14 / 23.07.2024
O‘zbekistonda “treningchi”lar faoliyati tartibga solinadi
14:10 / 09.07.2024