Jahon | 11:07 / 30.10.2016
13693
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda keng ko‘lamli firibgarlik sxemasi fosh qilindi

Foto: unionguanajuato

AQSh federal hukumati hind koll-markazlari ishtirokidagi keng qamrovli firibgarlik sxemasini fosh qilganliklari haqida xabar berishdi. Qaroqchilar AQSh fuqarolariga Soliq boshqarmasi (IRS) yoki IIVning Migratsion xizmati xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilib, ulardan ta'magirlik bilan pul undirishgan. Bu haqida Reuters agentligi ma'lum qildi. 

Ayblov xulosasida jami 56 nafar AQSh va Hindiston fuqarosi hamda Ahmadobodda (Hindiston) joylashgan 5 koll-markaz  tilga olingan. Mazkur ish Texas shtatining Federal okrug sudi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Uning doirasida AQShning turli shtatlarida 20 nafar kishi qo‘lga olingan. 

Manbaga ko‘ra, qo‘ng‘iroq qilgan firibgarlar qurbonlarga qamoq jazosi bilan tahdid qilib, soliqlar to‘lovi yoki qarzlarni to‘lash hisobiga pul o‘tkazishni talab qilishgan. Tovlamachilarning AQSh hududidagi "hamkorlar"i qurbonlardan pullarni olishgan, ularni legallashtirishgan va Hindistonga o‘tkazishgan.

Tovlamachilarning qurbonlari asosan yoshi ulug‘ kishilar yoki muhojirlardan iborat bo‘lgan, firibgarlar muhojirlarga to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda deportatsiya bilan tahdid qilishgan. "Deyarli 4 yil davomida bu jinoiy tarmoq telefonda odamlarni aldash va tahdid qilish uchun turli usullardan foydalangan, asosiy tahdid - qamoq jazosi, deportatsiya va AQSh hukumati bilan bog‘liq boshqa muammolar bo‘lgan", - dedi bosh prokuror yordamchisi Lesli Kaldvell. 

Ayblov xulosasiga ko‘ra, 15 000 nafardan ortiq kishi firibgarlarga jami 250 million dollardan ortiq pul o‘tkazgan. Qurbonlardan biri ularga hattoki 136 ming dollar o‘tkazgan.

Jinoyatchilar telefondagi tahdidlar bilan cheklanib qolishmagan. Kolorado-Springzda istiqomat qiluvchi kishi go‘yoki soliq qarzini to‘lashga vaqtida pul topa olmaganidan keyin jinoyatchilar 911ga qo‘ng‘iroq qilib, uning qurollangani va politsiyachilarni o‘ldirmoqchi ekanini xabar qilishgan. Sanoqli daqiqalar ichida u kishining uyini harbiylar va maxsus xizmat xodimlari o‘rab olishgan. Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, voqea natijasida hech kim jabrlanmagan. 

AQShda telefon va internet-firibgarligi avjiga chiqmoqda. Amaldorlarning so‘zlariga ko‘ra, fosh qilingan jinoiy tarmoq faqatgina  "aysberg cho‘qqisi" bo‘lishi mumkin. "Biz bir qator tergov ishlarini kuzatmoqdamiz va ularni sudgacha olib boramiz, deb umid qilamiz", - deydi IRS bosh direktori Jyey Rassel Jorj. 

Mavzuga oid