Jahon | 09:02 / 31.10.2016
6326
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: FQB Klintonning maktublarini o‘rganishga ruxsat oldi

© AFP 2016/ Brendan Smialowski

AQSh adliya vazirligi Federal qidiruv byurosiga mamlakat prezidentligi uchun Demokratik partiya nomzodi Hillari Klintonning maktublarini tahlil qilishga ruxsat berdi. Yangi maktublar uning yaqin yordamchisi Huma Abedinning turmush o‘rtog‘i kompyuterida aniqlangan edi, deya xabar qilmoqda ABC News

Avvalroq, Klinton maktublarini tahlil qilish borasida mazkur ikki boshqarma muzokaralar olib borayotgani xususida CNN telekanali xabar qilgan edi.

Vaziyatning chigallashuviga maktublar topilgan kompyuter rasman Abedinning eri – Entoni Vinerga tegishli ekani sabab bo‘lmoqda. Klintonga tegishli yangi maktublar aynan Vinerga qarshi jinoiy ish doirasida, ya'ni boshqa tergov jarayonida aniqlangan. 

28 oktabr kuni FQB direktori Jyeyms Komi Klintonning yangi elektron maktublari aniqlanishi munosabati bilan qo‘shimcha tergov ishlari olib borishga ko‘rsatma bergan edi. Bu esa, Klinton saylovoldi kampaniyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Bundan avval, FQB Klintonni davlat kotibi bo‘lgan vaqtda, xususiy elektron pochta xizmatidan foydalangani uchun jinoiy javobgarlikka tortmagan edi. 

FQB direktorining qarori, boshqarma vakillarining so‘zlariga qaraganda, adliya vazirligida mavjud bo‘lgan saylovlar oldidan uning natijasiga ta'sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatdan tiyilib turish qoidasiga ziddir. Shunga ko‘ra, adliya vazirligi vakilining OAVga aytishicha, FQB ham, vazirlik ham Klinton maktublarida maxfiy ma'lumotlar bor-yo‘qligini hozircha bilmaydi. 

Komining yordamchilariga ko‘ra, Jyeyms tanqidga uchrashini bilgan va bunga tayyor bo‘lgan. Komi xodimlariga yo‘llagan maktubida izoh berishicha, u "shunday yo‘l tutishi kerakligini his qilgan".
 

Mavzuga oid