O‘zbekiston | 20:46 / 01.11.2016
10317
4 daqiqa o‘qiladi

Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratov Xorazm viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashdi

Foto: UzDaily

1 noyabr kuniO‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Sarvar Otamuratovning Xorazm viloyati saylovchilari va jamoatchiligi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zMTDP Xorazm viloyat kengashi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda turli sohalar, xotin-qizlar, yoshlar vakillari, partiya faollari va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab nomzodning ishonchli vakili Muhabbat To‘raboyeva yig‘ilganlarni Sarvar Otamuratov tarjimai holi bilan tanishtirdi. Shundan so‘ng  nomzod saylovoldi Dasturining asosiy yo‘nalishlarini bayon etdi. 

Dasturda, eng avvalo, ma'naviy-ma'rifiy sohaga alohida e'tibor berilganligini ta'kidlar ekan, nomzod o‘zligini anglagan, qadriyat va an'analarini e'zozlagan, tarixiy xotirasini asragan xalq iqtisodiy, ijtimoiy va gumanitar taraqqiyotga yuz tutishi xususida gapirdi.

S.Otamuratov madaniy meros obektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazib, hisobga olish ishlarini takomillashtirish, muzeylar, arxivlar, kutubxonalarda va boshqa joylarda saqlanayotgan, madaniy meros obekti belgilariga ega bo‘lgan eksponatlar, kolleksiyalar va arxiv hujjatlarini to‘liq toifalashtirish, bu boradagi qonunchilikni yanada takomillashtirish masalalariga e'tibor qaratar ekan, ushbu holat Xorazm viloyati uchun ham dolzarb ahamiyatga ega ekanligini aytib o‘tdi.

Ma'lumki, O‘zbekiston, xususan Xorazm ko‘p asrlik tarixga va nodir madaniy-tarixiy merosga ega. Bularning hammasi mamlakatimizda ulkan salohiyati hozircha to‘liq ishga solinmagan turizm industriyasini rivojlantirish va yurtimizni jahon turizm markazlaridan biriga aylantirish imkonini beradi. 

Turizm iqtisodiyotning yanada rivojlanish jarayonini tezlashtiruvchi omil sifatida iqtisodiy va ijtimoiy muammolar yechimida muhim o‘rin tutadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, iqtisodiy faol aholining bandligini oshirishga, millat farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi, iqtisodiy faoliyatning o‘zaro bog‘liq bo‘lgan qator tarmoqlari, infratuzilmaning rivojlanishiga turtki bo‘lib, yanada ommaviylashadi. Turizm ayni paytda ma'rifat va fuqarolik jamiyatining ma'naviy asoslarini shakllantirishda kuchli vosita bo‘lib ham xizmat qiladi.

Shundan kelib chiqqan holda, sayyohlik infratuzilmasining yanada rivojlanishini, sayyohlar uchun mo‘ljallangan obektlarning har tomonlama maqbul bo‘lishini, transport va mehmonxona xizmatlari hamda sayyohlik logistikasini takomillashtirishni, sayyohlik industriyasi bilan bog‘liq xizmatlarning turli sohalariga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishni ta'minlash lozim, deb ta'kidladi nomzod.

Uchrashuvda nomzod Dasturining boshqa sohalari ham saylovchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.Ishtirokchilar ta'kidlaganidek, Xorazmda haqiqatan turizm industriyasini rivojlantirish muhim masaladir. Bu viloyatga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarning soni ortishi bilan Xorazmning iqtisodiy rivojlanishi hamda aholi daromadlarining ortishiga ham xizmat qiladi. Shu nuqtai-nazardan Prezidentlikka nomzod Sarvar Otamuratovning turizmni yanada rivojlantirish borasida ilgari surayotgan maqsad-vazifalari Xorazm ahli uchun ham juda muhimdir.

Nomzodning Dasturini qo‘llab-quvvatlab O‘zMTDP Shovot tuman kengashi raisi I.Boltayev, Qo‘shko‘pir tuman “Hayot ko‘zgusi” gazetasi bosh muharriri M.Tillayeva va boshqalar so‘zga chiqdilar.

Uchrashuv so‘ngida S.Otamuratov ishtirokchilarning bir qator savollariga javob berdi.

 

Mavzuga oid