21:26 / 02.11.2016
7145

Samarqandning «Dinamo» jamoasi muddatidan avval Oliy ligaga qaytdi

Foto: "Dinamo" FK

Birinchi liganing 35-turi doirasida Samarqandda «Yozyovon-Lochinlari» jamoasini qabul qilgan «Dinamo» jamoasi yirik hisobda g‘alabaga erishib, oldinda yana 3ta o‘yin bo‘lishiga qaramay, muddatdan oldin Oliy Ligaga qaytdi.

Uchrashuvning 15-daqiqasiga kelib jamoa va chempionat to‘purarlaridan biri Amirjon Safarov hisobni ochishga erishdi - 1:0. 

Goldan ruhlangan mezbonlar hujumkorlikni to‘xtatishmadi va oradan 8 daqiqa o‘tib, qanotdan yoshlar terma jamoasi a'zosi Saidjamol Davlatjonov tomonidan yetkazib berilgan to‘pni Viktor Klishin bosh bilan raqib darvozasiga yo‘lladi - 2:0.

O‘yinning 32-daqiqasida esa raqibning kam sonli hujumlaridan biri himoyachi Akmal Bozorovning kutilmaganda o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga sabab bo‘ldi - 2:1.

Ikkinchi bo‘limda «Dinamo» bosh murabbiyi Ilhom Sharipov bir qator o‘zgarishlarga qo‘l urdi. 68-daqiqada Alisher Xoliqov burchakdan Omadjon Tayloqov tomonidan yetkazib berilgan to‘pni bosh bilan «Yozyovon-Lochinlari» darvozasiga kiritib hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi.

83-daqiqada esa aynan Alisher Xoliqovning to‘p oshirishidan so‘ng Mirkomil Lokayev tezkorligi evaziga tablodagi hisobni 4:1 ga yetkazib, samarqandlik muxlislarning bayramni boshlashdi.

Aynan ushbu g‘alabadan keyin «Dinamo» jamoasining turnir jadvalidagi ochkolari soni 78taga yetdi va Samarqand klubi eng yaqin ta'qibchisi bo‘lmish «Norin» jamoasini 6 ochkoga ortda qoldirmoqda. «Dinamo» so‘nggi turda «Tsementchi», qoldirilgan o‘yinlarda esa «Kosonsoy» va «Xotira-79» jamoalariga qarshi o‘yinlarda qanday hisoblar qayd etishidan qat'i nazar jamoa rasman Oliy liga yo‘llanmasiga ega chiqdi. Chunki yaqin ta'qibchi «Norin» hisobida ikkita o‘yin bor va raqib bu bahslarda g‘alaba qozongan taqdirda ham o‘zaro o‘yinlar bo‘yicha ustunlik aynan «Dinamo»da sanaladi.

5 noyabr kuni «Dinamo» Samarqandda «Tsementchi» klubini qabul qiladi va aynan ushbu bahsdan keyin Samarqandda chempionatning yopilish marosimi o‘tkaziladi.

Birinchi liga. 35-tur, 2 noyabr (chorshanba)
«Dinamo» - «Yozyovon-lochinlari» - 4:1
Samarqand, 2000 tomoshabin.
Bosh hakam: Ishoq Ibragimov (Nukus)
Gollar: Amirjon Safarov 15, Viktor Klishin 23, Alisher Xoliqov 68, Mirkomil Lokayev 83 – Akmal Bozorov (avt, 32).
«Dinamo»: Mixail Naumov, Akmal Bozorov, Aleksey Nikolayev, Mirkomil Lokayev, Firdavs Abdusalimov (Ubaydullo Nabiyev, 58), Iskandar Xolmirzayev (Jasur Azimov, 46), Omadjon Tayloqov (Komil Sharofutdinov, 78), Saidjamol Davlatjonov (Jonibek Ko‘chimov, 56), Doston Ibragimov, Viktor Klishin (Alisher Xoliqov, 64), Amirjon Safarov.
«Yozyovon-Lochinlari»: A.Faxriddinov, Yo.Yoraliyev, U.Hoshimov, Z.Ismoilov, B.Abdumannonov, Sh. Abdurahmonov, B.Madrahimov, D. Xolmatov, B. Rasulov, J.Saidov, A.Fayzullayev.
Nazoratchi: A.Klepikov (Toshkent).

Top