19:30 / 03.11.2016
7333

Toshkentda "International Study Uzbekistan Expo – 2016" xalqaro ta'lim ko‘rgazmasi boshlandi

Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida xalqaro ta'lim ko‘rgazmasi boshlandi. Ko‘rgazma "International Study Uzbekistan Expo – 2016" deb nomlanib, "ITE Uzbekistan" kompaniyasi hamda Britaniya Kengashi hamkorligida tashkil etildi. Unda mamlakatimiz hamda qator xorijiy davlatlarning ta'lim sohasiga oid yangiliklari, oliy o‘quv yurtlari faoliyati, grant dasturlari, chet tillarni o‘rganishga oid ma'rifiy dasturlari bilan tanishish mumkin. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Toshkentdagi xalqaro Vestminster universiteti rektori K.Karimov, Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Allan, "ITE Uzbekistan" xalqaro kompaniyasi raisi N.Hasanova va boshqalar O‘zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida mazkur yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik ko‘lami tobora kengayib borayotganini ta'kidladi.

Xalqaro ta'lim bo‘yicha ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan asosiy maqsad oliy ta'lim sohasida axborot almashish, xorijiy ta'lim imkoniyatlari, oliy ta'lim olishni davom ettirish va malaka oshirishga doir ma'lumotlardan yoshlarni boxabar etishdan iborat. Ko‘rgazma ishtirokchilari  yurtimiz hamda  Buyuk Britaniya, Malayziya,  Rossiya,  Xitoy, Ruminiya, Fransiya, Yaponiyadagi injiniring,  innovatsion texnologiyalar,  rejalashtirish va statistika, turizm va mehmonxona biznesi, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan oliy ta'lim maskanlaridagi o‘quv yo‘nalishlari, ta'limdan keyingi, biznes, ta'til dasturlari, til o‘rganish kurslari  bo‘yicha keng ma'lumotga ega bo‘lish mumkin.      

 –  Koventri universiteti Buyuk Britaniyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri, – deydi Buyuk Britaniyaning Koventri universiteti vakili Klaudio Iordaxe. –  Universitetimizda talabalarga biznes, moliya, ilg‘or texnologiyalar, gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha ta'lim beriladi. Ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston yoshlarining bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi g‘oyat baland ekani, ular bir necha xorijiy tillarni puxta  egallaganining guvohi bo‘ldik.

Top