2025 yil noyabrida Toshkent shahridagi ikkita onkologik shifoxona bo‘shatilgan va u yerda ishlaydigan xodimlar hamda bemorlar bundan norozi bo‘lishgan edi. Ular bu navbatdagi biznes reja bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirishgandi.
Kun.uz o‘sha bo‘shatilgan shifoxonalarda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Savollarimizga poytaxt hokimligidan javob olishning imkoni bo‘lmadi.
Sobiq Respublika onkologiya markazi
Ma’lum bo‘lishicha, sobiq Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududi o‘rab olingan. Ichkaridagi daraxtlarning bir qismi quriy boshlagan.

Joriy yil 16 fevral kuni imzolangan prezident qaroriga asosan, Shayxontohur tumani Forobiy ko‘chasida, 9,4 gektar maydonda joylashgan ushbu yashil hudud va bino-inshootlar negizida Kreativ industriya parki davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilishi belgilangan.
Loyiha 2026-2027 yillarda amalga oshirilishi, yakunda Kreativ park hududi 24/7 rejimda faoliyat yuritadigan ochiq jamoat makoniga aylanishi kerak.


Kreativ park – sayr qilish uchun mo‘ljallangan va art-obektlardan iborat yashil bog‘, raqamli dizayn va dasturlash yo‘nalishida xalqaro maktab; buk-kafe; sport va vorkaut maydonchalari; mehmonxona; kovorking markazi; badiiy ijodkorlar paviloni; kreativ ustaxonalar; kino va videomahsulotlarni ishlab chiqarish zonalaridan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Toshkent shahar onkologiya shifoxonasi
Sobiq Respublika onkologiya markazining Toshkent shahar filiali ham qarovsiz yotganiga guvoh bo‘ldik. Bu yerning atrofi o‘rab olinmagan, shuningdek, quriyotgan daraxtlarni uchratmadik.












