18:30 / 04.11.2016
5343

Oliy Majlisda «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi

© Commons.wikimedia/ Bobyrr

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida «O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi» parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qo‘mita majlisida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi  o‘rtasidagi munosabatlarni, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiya, moliya va huquq sohalaridagi, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi munosabatlarni yanada faollashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, taraflar mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashish, mintaqaning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash yuzasidan amaliy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Majlisda demokratik huquqiy davlatni barpo etish, kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yuzasidan O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil axborot taqdim etildi. Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini bundan buyon ham ta'minlash, xususiy mulkni muhofaza qilish va uning daxlsizligini kafolatlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini  ishonchli muhofaza qilishni kuchaytirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarga alohida e'tibor qaratildi.

Shu yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi doirasidagi tadbirlarni muhokama qilish chog‘ida  O‘zbekistonda ochiq va adolatli demokratik saylovni o‘tkazish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilganligi, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning borishini monitoring qilishga xalqaro kuzatuvchilar keng jalb qilingani ta'kidlandi.
Iveta Grigule, Yevroparlamentning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mongoliya bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi (Latviya):

– Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz. Islom Karimov o‘zining butun kuch-g‘ayratini va tafakkurini O‘zbekistonni har tomonlama rivojlantirishga, uning mustaqilligini mustahkamlashga bag‘ishladi.

Yevropaparlament va O‘zbekiston hamkorligi so‘nggi yillarda yanada rivoj topmoqda. Yevropa Ittifoqi va Yevropaparlamentning O‘zbekistonga nisbatan munosabati doimo iliq hamda do‘stona bo‘lib kelgan. O‘tgan yillar davomida barcha sohalar bo‘yicha, jumladan, ta'lim, ijtimoiy soha, mintaqaviy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligida ko‘plab loyihalar amalga oshirildi. Bular bizning yaqin kelajakdagi sherikligimizning ham ustuvor yo‘nalishlari bo‘lib qoladi. Yevropa Ittifoqi bundan keyin ham mamlakatingizni qo‘llab-quvvatlayveradi.
Yevropa Ittifoqiga a'zo mamlakatlar va O‘zbekiston o‘zaro hamkorlik doirasida bizni birlashtiradigan ijobiy tajribaga e'tiborni kuchaytirmoqda. Chunki hamkorligimiz umumiy qadriyatlarimiz va maqsadlarimizga asoslangan. Maqsadlarimiz O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi xalqlarining farovon turmush kechirishiga qaratilgandir.

Brando Bonifey, delegatsiya a'zosi (Italiya):

– Bugungi yig‘ilish dolzarb masalalarni muhokama qilish, tajriba almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi. Biznes tuzilmalar bilan yangi aloqalar o‘rnatish, iqtisodiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirish O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi kerak.

 

Top