Jahon | 14:49 / 07.11.2016
8182
3 daqiqa o‘qiladi

Raqqada yangi front ochilishi fonida IShID Mo‘sulda qarshi hujumga o‘tmoqda

Foto: Reuters

IShID jangarilari Mo‘sulni qamal qilib kelayotgan iroqlik harbiylarga pistirmalar qo‘yish va minalashtirilgan avtomobillar orqali hujum qilmoqda. Bu orqali Iroq armiyasining oldinga siljishi qiyinlashmoqda. Bu voqealar yakshanba kuni Suriyaning Raqqa shahrida yangi front ochilishi ortidan ro‘y berdi. Raqqadagi amaliyotlarga ham AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari jalb etilgan.

Jangarilar shu vaqtgacha Mo‘sul sharqidagi 7ta tumanni boy berishdi. Endilikda ko‘cha janglari ketmoqda.

Mo‘sul Iroqdagi ikkinchi yirik shahar bo‘lib, bu shahar 2014 yil yozidan buyon IShID nazoratida qolmoqda.

Oktyabr oyining ikkinchi yarmida boshlangan keng ko‘lamli hujumlarda Iroq armiyasi, xavfsizlik xizmatlari, kurd bo‘linmalari va shianing harbiylashgan guruhlarini o‘zida jamlagan 100 ming kishilik qo‘shin ishtirok etmoqda. Ularning koalitsiya samolyotlari havodan turib qo‘llab-quvvatlamoqda.

Yakshanba kuni IShIDning Suriyadagi Raqqa shahrini ham ozod etishga qaratilgan "Frot g‘azabi" nomli harbiy amaliyot boshlangani e'lon qilindi.

Vashingtondagilarning ma'lum qilishicha, Raqqaga hujum Mo‘suldagi hujum ustiga zarba bo‘ladi. Bu orqali IShIDning imkoniyatlari qirqilishi ko‘zda tutilgan.

Raqqa va Mo‘sulni ozod etish uchun bir vaqtda urush olib borilishi Abu Bakr al-Bag‘dodiy 2014 yilning iyunida asos solgan IShID tashkilotining butunlay qulashiga olib kelishi kutilmoqda.

Shu bilan birgalikda Bag‘dodiy o‘z tarafdorlariga dushman bilan keng ko‘lamli urush olib borilmasligi, Mo‘sulda mustahkam himoyalanishni ma'lum qilgan. Tashkilot xudkush jangarilarni iroqlik harbiylar ichiga yo‘llash, merganlardan foydalanish va armiya nazoratiga o‘tgan hududlardagi tinch aholi vakillari orasiga xudkushlarni qoldirish evaziga urushni davom ettirmoqda.

Mo‘sulda 2 yil oldin 2 milliondan ortiq kishi yashagan. Shaharni ozod etish uchun hujum boshlangan vaqtda shaharda 1,5 milliongacha kishi yashardi, amaliyot boshlanganidan beri 34 mingga yaqin iroqlik uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Ularning aksariyati qisqa muddatda jihozlangan joylar va qabul qiluvchi jamoalarda joylashtirilgan. Gumanitar agentliklar ichki qochqinlar va ozod qilingan tumanlar aholisiga yordam ko‘rsatmoqda.

Suriya kurdlari Raqqani ozod etish uchun hujum boshlamoqda

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid