O‘zbekiston | 15:56 / 07.11.2016
6432
6 daqiqa o‘qiladi

Xatamjon Ketmonov Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi

Foto: ndp.uz

2016 yil 7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga O‘zbekiston XDPdan ko‘rsatilgan nomzod Xatamjon Ketmonov Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashdi.

Muhtasham «Turkiston» saroyining katta majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuv bir vaqtning o‘zida poytaxtning barcha tumanlaridagi saylovchilar bilan onlayn ko‘prik xosil qiluvchi video-konferensiya shaklida tashkil etildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Abdug‘affor Kirg‘izbayev ochdi va olib bordi.

Dastavval, nomzodning ishonchli vakili Xaydar Boboxonov so‘z olib, Xatamjon Ketmonovning tarjimai holi bilan yig‘ilganlarni tanishtirdi.

Shundan so‘ng, so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, partiya fraksiyasi rahbari Xatamjon Abdurahmanovich Ketmonovga berildi.

Xatamjon Ketmonov dastlab, poytaxt va poytaxtliklar haqida so‘z olib, «Sharq darvozasi», «Tinchlik elchisi», «Do‘stlik shahri», «Xalq​aro anjumanlar markazi» kabi nomlar bilan e'tirof etilayotgan ko‘hna va navqiron Toshkent - Markaziy Osiyoning madaniy va tarixiy markazi sifatida obro‘-e'tibor qozonganini faxr bilan tilga oldi. Shu bilan birga, Toshkentning mamlakatimiz iqtisodiyotida tutgan o‘rniga ham alohida to‘xtalib, bugun respublikamiz yalpi ichki mahsulotining 17 foizga yaqini, sanoat ishlab chiqarishning 18 foizdan ortig‘i, investitsiyalarning 18 foizga yaqini, savdo aylanmasining 21 foizdan, xizmatlarning 30,0 foizdan, tashqi savdo aylanmasining 37 foizdan, eksportning 28 foizdan ortig‘i poytaxt hissasiga to‘g‘ri kelishini ta'kidladi.

Nomzod, shahar aholisining siyosiy ongi va tafakkuri, madaniyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi nihoyatda yuksak ekanligini ham alohida ta'kidlab, bu huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim sharti hisoblanib, ayniqsa saylovlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etadigan asosiy omil ekanligini aytib o‘tdi.

Nomzod o‘z Saylovoldi dasturi bilan yig‘ilganlarni tanishtirar ekan, unda avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qat'iy amal qilinishi, milliy manfaatlarga sodiqlik, mamlakat mustaqilligini asrash va mustahkamlash, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi, xalq farovonligini ta'minlash, fuqarolararo va millatlararo hamjihatlik, ijtimoiy barqarorlikni saqlash orqali O‘zbekistonning bosh strategik maqsadi – rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashga qaratilgan ezgu maqsadlar mujassamligini tilga oldi.

U o‘z ma'ruzasi orqali saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari yuzasidan yig‘ilganlarga batafsil ma'lumot berdi.

Jumladan, nomzod o‘z dasturida ilgari surilayotgan istiqbolli ishlab chiqarishni rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlarini ishlab chiqishda ularning o‘rta maxsus va oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash dasturlari hamda hududiy bandlik dasturlari bilan o‘zaro bog‘liqligini ta'minlash masalasiga saylovchilarning alohida e'tiborini qaratdi. Shuningdek, ishchi kuchi chetga chiqib ketishining oldini olish, buning uchun har yili qabul qilinadigan ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash Davlat dasturi ijrosida yangicha yondashuvlarga o‘tishda asosiy e'tiborni mehnat bozoridagi talab-taklifni to‘liq o‘rganish, hisobga olish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini tuzishda joriy va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini to‘g‘ri va aniq belgilash zarurligini ta'kidladi.

Ayniqsa, poytaxt ahli uchun muhim bo‘lgan masala - aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish tariflarining davlat tomonidan tartibga solinishini takomillashtirish orqali kommunal xizmatlar narxlarini maqbullashtirish, aholi bandligini ta'minlashning mutlaqo yangi va zamonaviy usullarini joriy qilish, ish o‘rinlarini tashkil etish dasturining so‘zsiz bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish,  muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning asosiy mezoni ularni hayotga tatbiq qilish orqali yaratiladigan barqaror ish o‘rinlari soni bilan o‘rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga joylashtirishning o‘zaro bog‘liqligini ta'minlash lozimligi haqida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng asosiy ma'ruza yuzasidan bir qator ishtirokchilar so‘zga chiqdilar.

Ular o‘z chiqishlarida nomzod dasturida ilgari surilayotgan tijorat banklarining investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtirokini yanada kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni kreditlash tizimini soddalashtirish, makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, foiz stavkalarini minimal darajada belgilash, muammoli qarzlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik va bank xizmatlari sifatini yaxshilash orqali ularning investitsiyaviy faolligini kuchaytirish, turli mahsulot yetkazuvchilarga o‘zaro erkin raqobatlashishiga imkon beradigan ochiq va oshkora elektron savdolar yo‘nalishini kengaytirish orqali davlat xaridlarini amalga oshirish tizimini takomillashtirish zarurligi to‘g‘risidagi fikrlarini alohida qo‘llab-quvvatladilar.

Shundan so‘ng savol-javoblarga navbat berildi. Unda saylovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga nomzod va uning ishonchli vakillaridan atroflicha javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.

O‘zbekiston XDP MK

Matbuot xizmati..

Mavzuga oid