Jamiyat | 18:58 / 08.11.2016
8647
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zekspomarkaz”da o‘ttizdan ziyod mamlakat vakili tashrif buyurgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ochildi

“O‘zekspomarkaz”da  Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ochildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Forumda AQSh, Buyuk Britaniya, Italiya, Fransiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Yaponiya, Malayziya, Hindiston, Rossiya, Latviya, Ozarbayjon, Turkmaniston, Eron, Afg‘oniston, Qozog‘iston kabi o‘ttizdan ziyod mamlakat qayta ishlash va savdo kompaniyalari, savdo tashkilotlari, savdo-sanoat palatalari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi vazirlik va idoralar, logistika kompaniyalari vakillari ham qatnashmoqda. 

“O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, yarmarka yakunlari bo‘yicha qiymati 2 milliard dollardan ziyod meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 270 shartnoma imzolangan. Eksport qilinadigan mahsulotlarning 27 foizini sabzavot, 25 foizini uzum, 20 foizini meva, 17,6 foizini quritilgan va qayta ishlangan mahsulotlar, 8,4 foizini dukkakli mahsulotlar, 2 foizini qovun tashkil qilgan. 

Birinchi Prezidentimizning 2016 yil 12 apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori  meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish, bog‘dorchilikni rivojlantirishda dasturilamal bo‘lmoqda. 

Unga ko‘ra, xalqimiz dasturxoni to‘kinchiligini yanada to‘laroq ta'minlash maqsadida istiqbolda oziq-ovqat ekinlari maydonlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda. 170 ming 500 gektar sug‘oriladigan yerlarga don va dukkakli don, sabzavot, kartoshka, moyli va ozuqa ekinlari, boshqa o‘simliklar ekiladi, bog‘ va uzumzorlar barpo etiladi. 

2016 yil 19 sentabrdagi Meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorda joriy yilning 20 sentabridan boshlab meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksport qilishdan tushadigan valyuta tushumi majburiy sotuv stavkasi 25 foizni tashkil etishi belgilangani eksport bilan shug‘ullanuvchilar uchun yana bir qulaylik yaratdi.

Unda  yangi, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarini eksportga yetkazib berish yuklab jo‘natiladigan mahsulot qiymatining kamida 30 foizini oldindan to‘lash shartlarida amalga oshirilishi, qolgan qismi uchun tasdiqlangan bank akkreditivi ochilishi yoxud birinchi klassli xorijiy bank kafolati rasmiylashtirilishi ham ko‘rsatilgan. 

Yarmarka doirasida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va ularning hamkorlari ishtirokida davra suhbatlari, muzokaralar tashkil etilishi, yarmarka qatnashchilarining intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga, sovutish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.  

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov so‘zga chiqdi.

 

Mavzuga oid