O‘zbekiston | 19:29 / 08.11.2016
11432
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga bordi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 8 noyabr kuni Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Uchrashuvni O‘zLiDePning Samarqand viloyati kengashi raisi M.Xolmuhamedov ochdi. 

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida mamlakatimizning barcha hududlari qatori Samarqand viloyati ham har tomonlama ravnaq topmoqda. 2010 yildan buyon yalpi hududiy mahsulot 1,7 barobar o‘sgan va bu sur'at izchil davom etmoqda. Viloyat iqtisodiyoti tarkibida sanoatning ulushi 2011 yilda 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yil yakuni bilan 23,8 foizga yetishi kutilmoqda. Keyingi besh yilda viloyatda 100 dan ortiq yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etilib, ularning soni 259 taga yetgan. Mazkur korxonalar tomonidan yiliga 2,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi. 

Dasturda davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh etish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, makroiqtisodiy barqarorlik va izchil o‘sish sur'atlarini ta'minlash, ijtimoiy sohani rivojlantirish, mamlakatimizdagi tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilangan. Unda ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini kuchaytirish, sud hokimiyatining mustaqilligini va odil sudlovni ta'minlash, iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, mahalliy byudjyetlarning daromad bazasini kengaytirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni rivojlantirish, ozuqabop va eksportbop ekinlarni ko‘paytirish, aholi bandligini ta'minlash, hayot sifati va farovonligini yuksaltirish kabi muhim masalalar o‘z ifodasini topgan. 

Uchrashuv videokonferensiya shaklida o‘tdi. Samarqand shahri va viloyatning barcha tumanlari markazidan saylovchilar nomzodning dasturi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. 

 

Mavzuga oid