Jahon | 00:03 / 09.11.2016
12027
2 daqiqa o‘qiladi

Klinton muddatdan avvalgi saylovlarda yetakchilik qilmoqda, biroq muhim shtatlardan birida Trampga yutqazmoqda

Foto: © AFP

AQSh prezidenti lavozimiga muddatdan avvalgi saylovlar natijalariga asoslangan Slate nashrining norasmiy prognozi saylov natijalari uchun muhim hisoblangan shtatlar – Florida, Ogayo va Nevadada ustunlikni Xillari Klintonga bermoqda, biroq yana bir muhim shtat, an'anaviy ravishda "demokratlarni qo‘llab-quvvatlovchi" hisoblangan Pensilvaniyada kutilmaganda Donald Tramp yetakchilik qilmoqda.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, Klintonning Floridada Trampdan ustunligi saylov uchastkalariga muddatdan avval kelgan 3,7 mln kishidan 100 mingdan ko‘proq ovozni tashkil qilmoqda. Klintonga 48,3 foiz, Trampga 45,5 foiz saylovchilar ovoz bergan. 

Nevadada Klinton Trampdan 32 ming ovozga, Ogayoda 53 ming ovozga ustunlik qilmoqda. Nevadada Klintonni saylovlarga muddatdan avval kelgan saylovchilarning 46 foizi, Trampni 45,4 foizi qo‘llab-quvvatlagan; Ogayoda bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 47,8 va 43,9 foizni tashkil qilmoqda.  

Koloradoda Klinton 46,3, Tramp undan 2,7 foiz kamroq ovoz to‘plagan.

Biroq avval Klinton g‘alaba qilishi kutilgan Pensilvaniya shtatida Tramp ancha ustunlik qilmoqda: unga 49,7 foiz, Klintonga 42,7 foiz saylovchilar ovoz berganlar.

Pensilvaniya 20 nafar saylovchilar ovozi bilan AQShdagi prezidentlik saylovlarining natijasini belgilovchi muhim shtatlardan hisoblanadi. Tramp Pensilvaniyada yutishi kerak, Klinton bu shtatsiz ham g‘alabaga erisha oladi. Pensilvaniya 1992 yildan beri Demokratlar partiyasi nomzodiga ovoz berib kelayotgan edi. Bu shtatda 12,7 mln odam yashaydi, uning eng yirik shaharlari Filadelfiya va Pittsburg hisoblanadi.

 

Mavzuga oid

E`lonlar