15:47 / 09.11.2016
25770

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yil imomi nomi ma'lum qilindi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasidagi “Yil imomi – 2016” ko‘rik tanlovining yakuniy, Respublika bosqichi 2016 yilning 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Tanlovda Qoraqolpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan o‘n to‘rt nafar iqtidorli imom-xatib qatnashdi. Bu haqda Muxlis.uz xabar bermoqda.

Hakamlar hay'ati tomonidan odilona baholangan tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, 367 ball to‘plagan Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi «Bo‘rijar» jome' masjidi imom-xatibi Abdukarimov Xusniddin Tojidinovich birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi, kompyuter jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. 

Ikkinchi o‘ringa munosib 361 ball to‘plagan, Toshkent viloyati Ohangaron tumani «Abduqahhor maxsum» jome' masjidi imom-xatibi Akmalov Abdulhakim Majitovich O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi, televizor va boshqa qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi. 

Uchinchi o‘rinlarga esa 353 ball va 340 ball to‘plagan Namangan viloyati Namangan shahar «Yaxyoxonto‘ra» jome' masjidi imom-xatibi Djamalov Nurillo Axmadxonovich va Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanidagi «Qo‘shtegirmon» jome' masjidi imom-xatibi Davlatyorov Muhammadsapoxon Dadaxonovichlar loyiq ko‘rildi va O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi, mikroto‘lqinli pech va boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi. Tanlovda ishtirok etgan boshqa imom-xatiblarga ham O‘zbekiston musulmonlari idorasining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. 

Mavzuga oid
Top