Jahon | 21:17 / 10.11.2016
4890
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyaga uchib ketayotgan samolyot bezori yo‘lovchi sababli AQShda qo‘nishga majbur bo‘ldi

Foto: Caro / Schulz / Globallookpress.com

Germaniyaning Condor aviakompaniyasi samolyoti o‘zini tajovuzkor tutgan britaniyalik yo‘lovchi sababli AQShda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail xabar bermoqda.

Voqea Kankundan (Meksika) Frankfurtga (Germaniya) uchib ketayotgan samolyotda yuz berdi. Ma'lum qilinishicha, 34 yoshli yo‘lovchi Oliver Charlz Xellidey Ji samolyot jo‘nashidan oldinoq o‘zini tajovuzkor tutishni boshlagan va styuardlardan spritli ichimlik talab qilgan. 

Samolyot havoga ko‘tarilgandan keyin erkak boshqa bir yo‘lovchi va uning uch yoshli qizini o‘ldirish bilan taqdid qila boshlagan va bortkuzatuvchilarni haqorat qilgan. Bundan tashqari, styuardlardan biri boshqa bir yo‘lovchi yordamida bezorini hojatxona tomon olib ketishganda, bezori ularni urgan.

Natijada aviakompaniya xodimlari va yo‘lovchilar bezorining "popugini pasaytirib qo‘yishlariga" to‘g‘ri kelgan. Oqibatda samolyot Florida shtatidagi Jeksonvill shahrida qo‘nishga majbur bo‘lgan. U yerda bezori Federal qidiruvlar byurosi agentlariga topshirilgan. Shundan keyingina samolyot Germaniyaga parvozini davom ettira olgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, bezoriga o‘zini tajovuzkor tutgani va o‘ldirish bilan tahdid qilgani uchun 20 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin.  

 

Mavzuga oid