Jahon | 11:07
1499
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp Kubani «do‘stona egallab olish» haqida gapirdi

«Ularda hozir pul ham, neft ham yo‘q, lekin ular biz bilan gaplashmoqda. Ehtimol biz Kubani do‘stona tarzda egallab olarmiz», dedi AQSh yetakchisi. Trampning aytishicha, davlat kotibi Marko Rubio bu masala bilan «juda yuqori darajada» shug‘ullanyapti.

Foto: Reuters

«Kuba hukumati biz bilan gaplashmoqda va ular juda katta muammoga duch kelgan», dedi Tramp Texasga safar qilish uchun Oq uyni tark etayotganida. «Ularda pul yo‘q. Hozir ularda hech narsa yo‘q, lekin ular biz bilan gaplashmoqda va ehtimol biz Kubani do‘stona tarzda egallab olarmiz (friendly takeover)», deya Trampning so‘zlarini keltirmoqda Reuters.

Tramp Kubani o‘zgarishga muhtoj bo‘lgan «inqirozdagi millat» deb ta’rifladi. U bolaligidan beri ushbu mamlakatning muammolari haqida eshitib kelayotganini qo‘shimcha qildi.

«Men buning amalga oshishini ko‘ryapman. Marko Rubio bu bilan juda yuqori darajada shug‘ullanmoqda. Ularda pul yo‘q, neft yo‘q, oziq-ovqat yo‘q. Bu hozir haqiqatda og‘ir ahvoldagi millat va ular bizning yordamimizni xohlashadi», deya qo‘shimcha qildi AQSh yetakchisi.

Asosan Mayamida to‘plangan asli kubalik muhojirlar azaldan Kubaning kommunistik hukumati ag‘darilishini orzu qilib keladi. Tramp ushbu jamoani eslatib o‘tib, AQSh tomonidan Kubaning «egallanishi» mamlakatdan haydalgan odamlar uchun «ijobiy yangilik» bo‘lishini aytdi.

«Bizda bu yerda yashayotgan va Kubaga qaytishni istaydigan odamlar bor va ular bo‘layotgan voqealardan juda mamnun», - deya qo‘shimcha qildi prezident.

Kuba yuqori darajadagi muzokaralarni inkor etdi

Kuba hukumati AQSh bilan hech qanday yuqori darajadagi rasmiy muzokaralar olib bormayotganini ma’lum qildi. Biroq AQSh rasmiylari — sobiq prezident Raul Kastroning nabirasi Gilermo Rodriges Kastro bilan norasmiy aloqada ekani haqidagi xabarlarni butunlay rad etmadi.

Avvalroq Axios nashri Marko Rubio sobiq Kuba yetakchisining nabirasi bilan maxfiy muzokaralar o‘tkazib kelayotganini yozgandi. Mayamidagi OAVlar esa Rubioning yaqin maslahatchilari ushbu haftada bo‘lib o‘tgan Karib dengizi hamjamiyati konferensiyasi doirasida Kastroning nabirasi bilan yana uchrashganini yozgan.

Kuba atrofidagi faollik

Kuba bilan keskinlik ushbu haftada yana kuchaydi. Bir necha kun oldin Floridada ro‘yxatdan o‘tgan tezyurar qayiqda qurollangan 10 kishi Kuba suvlariga kirib, patrullarga qarata o‘t ochgan.

2022 yilda Kuba migrantlar kontrabandasi bilan shug‘ullangan qayiqni tutganda e’lon qilgan kema surati / Foto: Reuters arxivi

Oqibatda ularning to‘rt nafari o‘ldirilgan, 6 kishi qo‘lga olingandi. Rubio bu hodisaga AQSh hukumatining aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

Ushbu voqea AQSh tomonidan orolga deyarli barcha neft yetkazib berishning to‘sib qo‘yilishi va kommunistik hukumatga bosimning kuchayishi fonida yuz berdi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda AQSh kuchlari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olgan edi, bu esa Kubani o‘zining eng asosiy ittifoqchisidan mahrum qildi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid