Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp: AQShni Eronning muzokaralardagi pozitsiyasi qoniqtirmayapti
Donald Tramp kecha Jyenevada yakunlangan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarda Tehronning pozitsiyasidan norozi ekanini bildirdi. U Eronga zarba berishni istamasligini aytdi, biroq bu variantni istisno etmadi.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarda Tehron tutgan pozitsiya sabab “Erondan norozi” ekanini bildirdi. Oq uy rahbari, shuningdek, mamlakatga ehtimoliy zarba berish masalasida hali qaror qabul qilmaganini ham ta’kidladi. Uning so‘zlarini 27 fevral, juma kuni Associated Press keltiradi.
Trampning bu izohi Jyenevada Eron yadroviy dasturi bo‘yicha navbatdagi muzokaralar raundi yakunlanganidan keyin AQSh hukumatining ilk rasmiy bayonoti bo‘ldi. “Meni qoniqtirmayapti: ular bizga kerakli narsani berishga tayyor emas. Shuning uchun men xursand emasman”, — dedi AQSh prezidenti.
Tramp alohida ravishda Eronga qarshi harbiy kuch ishlatishni istamasligini ta’kidladi, ammo uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda buni “qilishga to‘g‘ri keladi”. U, shuningdek, Tehron tomonidan uranni har qanday boyitishni “yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan” deb hisoblashini aytdi.
Shu kuni davlat kotibi Marko Rubio X tarmog‘ida Vashington Eronni “noqonuniy ushlab turishlarni qo‘llab-quvvatlovchi davlat” deb tan olganini ma’lum qildi va uni bu “jirkanch amaliyot”ni to‘xtatishga, shuningdek, nohaq ravishda hibsda saqlanayotgan barcha amerikaliklarni darhol ozod qilishga chaqirdi.
27 fevral, juma kuni CBS telekanaliga bergan intervyusida, delegatsiyalar o‘rtasida vositachi bo‘lib kelayotgan Ummon tashqi ishlar vaziri Badr al-Busaidiy Eron “hech qachon boyitilgan uranni to‘plamaslikka” rozi bo‘lganini aytdi va buni “urushning oldini olishi mumkin bo‘lgan muzokaralardagi yutuq” deb atadi. Rasmiy Vashington ham, Tehron ham hozircha Ummon TIV rahbarining bu bayonotini izohlamadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarning “texnik darajadagi” yangi bosqichi kelasi hafta Venada bo‘lib o‘tadi.
Bundan oldin Qatarning “Al-Jazira” telekanali manbalarga tayanib xabar qilishicha, muzokaralar chog‘ida Tehron uran boyitishni faqat vaqtincha to‘xtatishga tayyorligini bildirgan va yadroviy obektlarni demontaj qilishdan bosh tortgan.
Eron hukumatining ta’kidlashicha, ularning yadroviy dasturi faqat fuqarolik maqsadlariga qaratilgan, garchi uranni qurol yaratishga yaroqli darajagacha boyitish amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da.
AQSh va Eron o‘rtasida keskinlik kuchayishi ehtimoli fonida, 27 fevral, juma kuni bir nechta davlatlar mintaqada bo‘lib turgan fuqarolari uchun ogohlantirishlar chiqardi.
Buyuk Britaniya Tehrondagi elchixona xodimlarining bir qismini vaqtincha chaqirib oldi va Isroilga borishdan “faqat o‘ta zarur holatlardan tashqari” voz kechishni tavsiya qildi. Britaniya TIV Eron AQShning Yaqin Sharqdagi asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Isroilga hujum qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Shunga o‘xshash tavsiyalarni Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirliklari ham berdi. Xitoy, Hindiston va Kanada esa harbiy harakatlar xavfi tufayli o‘z fuqarolarini imkoni boricha tezroq Eronni tark etishga chaqirdi.
AQSh ham Eron hududida bo‘lib turgan o‘z fuqarolarini “darhol” mamlakatni tark etishga chaqirdi. AQShning Isroildagi elchixonasi xodimlarning bir qismi va ularning oilalariga “tijoriy reyslar hali mavjud ekan”, vaqtincha chiqib ketishga ruxsat berdi.
Mavzuga oid
22:53 / 27.02.2026
«Men hech narsani ko‘rmadim, yomon ish qilmadim» - Bill Klinton Epshteyn ishi bo‘yicha bayonot berdi
20:02 / 27.02.2026
Isroildagi o‘zbekistonliklar xavfsizlik choralarini ko‘rishga chaqirildi
14:49 / 27.02.2026
Axios: Zelenskiy RF bilan urushni yil oxirigacha tugatishga umid qilmoqda
14:22 / 27.02.2026