Jamiyat | 18:05 / 10.11.2016
5981
4 daqiqa o‘qiladi

“Uchinchi sektor” saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga faol kirishdi

Arxiv surat

O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi (O‘NNTMA) matbuot xizmati axborotiga ko‘ra joriy yilning 9 noyabr kuni Toshkent shahrida “Respublika fuqarolariga milliy saylov tizimi mazmun-mohiyatini tushuntirib berishda NNT rolini oshirish” mavzusida respublika seminari bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda MSK, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti ekspertlari, Toshkent shahri va Toshkent viloyati NNT faollari hamda yetakchilari, shuningdek O‘NNTMA mintaqaviy resurs markazlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Seminarning maqsadi, eng avvalo, respublikaning olis tumanlarida yashovchi aholining saylov madaniyati va siyosiy faolligi darajasini oshirishda NNT faoliyatini yanada kuchaytirishga doir takliflarni muhokama qilish va ishlab chiqishdir.

Tadbir davomida davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari takliflari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Saylovchilarinng huquqiy madaniyatini yanada oshirishga doir tadbirlar dasturi amalda qay darajada ro‘yobga chiqarilayotganligi ko‘rib chiqildi.

O‘NNTMA kengashi raisi A. Karimov o‘z ma'ruzasida dasturda nazarda tutilgan vazifalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta'kidladi. A. Karimov aholining barcha qatlamlarini, eng avvalo, xotin-qizlar, yoshlar, faxriylar, jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar, o‘quv yurtlari vakillarini qamrab olish uchun “Mening ovozim – mamlakatimning kelajagidir”, “O‘zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har kim o‘z ovoziga ega”, “Biz saylash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida o‘zingni top”, “Jips oilada” kabi aksiyalarni kengroq o‘tkazish zarurligiga asosiy e'tiborni qaratdi.

Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari nizomlarini tushuntirish, uning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik, jumladan “oilaviy” va guruh bo‘lib ovoz berishning, saylovchilarning birdan ortiq ro‘yxatiga kiritilishining oldini olish muhimligi alohida qayd etildi.

Shu bilan birga ekspertlar tomonidan tushuntirish tadbirlarini o‘tkazish doirasida NNT vakillari tomonidan belgilangan talablarga rioya etish, mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, ochiq-oshkoralik va adolatlilik prinsiplari asosida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan markaziy, okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga aralashmaslik zarurati tushuntirildi.

Umuman olganda, seminar ishtirokchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – davlatning keyingi taraqqiyot yo‘lini belgilab beruvchi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon ekanligigiga ishonchlari komil ekanligini bildirdilar.

Va bugun fuqarolar erkin va ongli tanlovni amalga oshirishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish – O‘zbekiston Nodavlat notijorat tashkilotlar milliy assotsiatsiyasi oldida turgan dolzarb vazifadir, aynan shu sababli fuqarolarning savodxonligini oshirish zarurdir.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid