Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik saylovchilarning 95 foizi prezidentlik uchun bo‘ladigan saylovlarda qatnashish istagini bildirdi
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasiga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Unda fuqarolarning saylov kampaniyasidan xabardorligi, ommaviy axborot vositalarining ushbu siyosiy tadbirni yoritish borasidagi faoliyatiga munosabati, aholining elektoral kayfiyati o‘rganildi.
Tadqiqot mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan demokratik islohotlar fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatdi. Bu o‘zgarishlar fuqarolarning siyosiy jarayonda ishtirok etishga oid huquqlarini to‘liq ta'minlashga qaratilgandir. So‘rovda qatnashganlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 95 foizi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea ekanligini qayd etib, ovoz berishda qatnashish zarurligini teran anglashlarini bildirishgan. Ularning aksariyati Prezident saylovi kampaniyasidan yuqori darajada xabardorligini bildirgan. Bu ham mamlakatimiz aholisining siyosiy va huquqiy madaniyati yuksalayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturining izchil amalga oshirilishi fuqarolarning yuksak elektoral faolligiga xizmat qilmoqda. Unga muvofiq, mustaqillik yillarida shakllantirilgan milliy saylov qonunchiligining mazmun-mohiyati yuzasidan aholi o‘rtasida keng ko‘lamli tushuntirish ishlari olib borilayapti.
Respublikamizning barcha hududidan bo‘lgan respondentlarning 89,5 foizi, xususan, birinchi marta ovoz beradigan yosh yigit-qizlarning aksariyati saylov kampaniyasi boshlanganligi e'lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan siyosiy partiyagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkinligi haqidagi qonunchilik talabini bilishadi. So‘rovda qatnashganlar shundan yaxshi xabardorki, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 242-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi. Siyosiy partiyaning yuqori organi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bittadan nomzod ko‘rsatishi mumkin. Siyosiy partiya Prezidentlikka faqat o‘z partiyasi a'zolari orasidan yoki partiyasizni nomzod etib ko‘rsatishga vakolatlidir. So‘rov ishtirokchilarining 85,2 foizi O‘zbekiston Prezidenti umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanishini yaxshi biladi.
Saylov huquqiga ega respondentlarning 95 foizi shu yilning 4 dekabr kuni bo‘ladigan Prezident saylovida, o‘z xohishiga ko‘ra, albatta, qatnashajagini ma'lum qilgan. Aholining yuksak elektoral faolligi saylovlar erkin, halol va ochiq, eng muhimi, muvaffaqiyatli o‘tkazilishidan dalolat beradi.
O‘zbekiston xalqi uchun Prezident saylovida ishtirok etish nimani anglatadi?
Ushbu savolga so‘rovda qatnashganlarning 41,3 foizi bu ularning fuqarolik burchi bo‘lgani uchun ovoz berishlarini ma'lum qilishgan. 31,8 foizi esa saylovda ishtirok etish Vatanimiz kelajagi uchun mas'uliyat ekanligini aytishgan. Respondentlarning 21,3 foizi fikricha, saylovda qatnashish o‘z munosabatini bildirish hamda munosib nomzod uchun ovoz berish imkoniyatidir. Saylov uchastkasiga kelish va ovoz berish aksariyat yurtdoshlarimiz uchun mamlakat ravnaqi, uning kelajagiga bo‘lgan samimiy tuyg‘usi ifodasidir.
So‘rovda ishtirok etganlar Prezident saylovida qatnashishdan nimalar kutayotganini ma'lum qilishdi. Xususan, so‘rov ishtirokchilarining 41,2 foizi O‘zbekistonda bundan keyin ham tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik ta'minlanishiga ishonishadi. Ayni paytda 24,5 foizi saylovlarni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, aholi turmush darajasi va sifati izchil o‘sishi bilan, 14,5 foizi jamiyat hayotining barcha jabhasida ijobiy o‘zgarishlar bilan, 12,7 foizi demokratiya va fuqarolik jamiyati rivojlanishi bilan bog‘lagan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar qanday shaxsiy fazilatlarga ega bo‘lishi kerak, degan savolga so‘rovda ishtirok etgan hamyurtlarimiz yuksak zakovat, mustahkam iroda, halollik va tartiblilikni o‘zida jo etgan nomzodga ovoz berishini ma'lum qilgan. Nomzodlarning ustuvor fazilatlari sifatida davlat darajasida fikrlay olishi, siyosiy rahbarlik tajribasi, yuksak malaka, boshqaruvning zamonaviy ko‘nikmalaridan xabardorligi, bilimli, demokratik tamoyillarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, aholining turli ijtimoiy qatlamlari orzu-umidlarini hamda manfaatlarini hisobga olish istagi va intilishi, faol fuqarolik nuqtai nazariga ega bo‘lishi ko‘rsatib o‘tilgan.
So‘rov natijalaridan shu narsa ma'lum bo‘ldiki, mamlakatimizda saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, Prezident saylovi mazmun-mohiyatini tushuntirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar, ommaviy axborot vositalarida saylov kampaniyasi atroflicha yoritilayotgani saylovchilarning elektoral faolligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatgan. Saylov kampaniyasini yoritishda davlat va nodavlat ommaviy axborot vositalari tomonidan ochiqlik va siyosiy plyuralizm ta'minlanishi aholi elektoral faolligining muhim sharti, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishga bo‘lgan xohish-istagi va intilishini ro‘yobga chiqarish omilidir.
Umuman, respondentlar Milliy teleradiokompaniyani saylov kampaniyasi haqida asosiy axborot manbai sifatida qayd etishgan. Qishlog‘u shaharlardagi mutlaq ko‘pchilik respondentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida asosiy axborot va ma'lumotlarni mamlakatimiz davlat teleradiokanallari dastur va teleko‘rsatuvlaridan, bosma nashrlardagi maqolalardan olishayotganini ta'kidlashgan. So‘rovda qatnashganlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 99,4 foizi saylov kampaniyasi bilan bog‘liq barcha voqealarni kuzatib borishayotganini aytgan.
Eng muhimi, tadqiqot natijalari fuqarolarimizning milliy saylov tizimimizga bo‘lgan yuksak ishonchini ko‘rsatdi. Ular saylov demokratiya talablari asosida halol va adolatli o‘tkazilishiga ishonishadi. Respondentlarning aksariyati 2016 yilning 4 dekabr kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishini bildirishdi.
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik
fikrini o‘rganish markazi
materiallari asosida tayyorlandi.
Mavzuga oid
20:57 / 02.07.2026
Zalujniy Zelenskiyga saylovda qatnashmoqchiligini aytdi
10:45 / 13.06.2026
Armanistonda saylov ovozlari qayta sanaldi
09:00 / 08.06.2026
Armanistondagi saylovlarda Pashinyan partiyasi yetakchilik qilmoqda
21:43 / 07.06.2026