Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Avstraliyadan noqonuniy muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi
AQSh ayni vaqtda Avstraliya tomonidan Manus oroli (Papua-Yangi Gvineya) va Nauru davlatida yaratilgan markazlarda bo‘lgan noqonuniy muhojirlarni qabul qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull e'lon qildi.
Ternbull kelishuvning tafsilotlari va amalga oshirilishi muddatlarini oshkor qilishdan bosh tortdi, biroq "kelishuv bosqichma-bosqich va BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma'muriy ishtiroki asosida amalga oshirilishini" ta'kidlab o‘tdi.
Bosh vazir shuningdek AQSh bilan kelishuv "bir martalik xarakterga" ega bo‘lishini aytdi. Bu AQShga faqatgina Manus va Nauruda bo‘lgan odamlargina ko‘chib o‘ta olishlari va bunda afzallik "ayollar va bolalarga" berilishini anglatadi. "Kelishuv keyinchalik Avstraliyaga noqonuniy kirmoqchi bo‘lganlarga nisbatan qo‘llanmaydi", deb tushuntirdi Ternbull.
Ayni vaqtda Manus va Naurudagi lagerlarda 1800 kishi bor, ularning barchasi Avstraliyaga Janubi-sharqiy Osiyo davlatlaridan qayiqlarda noqonuniy kirishga harakat qilishgan, biroq Avstraliya harbiy-dengiz kuchlari tomonidan ushlanib olinganlar. Ma'lum qilinishicha, lagerlardagi AQShga ko‘chirilmaydigan odamlar yoki kelgan davlatlariga jo‘natiladilar, yoki Nauruda qoladilar va ularga 20 yillik viza joriy qilinadi. Papua-Yangi Gvineya hukumati esa Manus orolidagi markazni yopishga qaror qilgan, biroq bu qachon yuz berishini ma'lum qilmagan.