O‘zbekiston | 12:17 / 16.11.2016
10359
3 daqiqa o‘qiladi

«Lukoyl» O‘zbekistondagi Hisor loyihasini moliyalashtirishga 500 mln dollar ajratdi

Foto: «Lukoyl»

Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasi O‘zbekistondagi gaz-kondensat konlarining Hisor guruhini ishlab chiqish bo‘yicha loyihani moliyalashtirishga 500 million dollar hajmida kredit jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar bergan.

Ta'minlanmagan kredit tijorat banklari konsorsiumi tomonidan taqdim etilgan. Rossiya kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, konsorsium tarkibiga  Intesa Sanpaolo Bank Luxembourg S.A. (Lyuksemburg), Natixis (Fransiya), Mizuho Bank Ltd. (Yaponiya), UniCredit S.p.A. (Italiya), VTB Bank (Deutschland) AG (Germaniya), ING Bank N.V. (Niderlandiya), AO Raiffeisenbank (Rossiya) va Raiffeisen Bank International AG (Avstriya) kiradi.

Kontsortsium ushbu kreditni 3 oylik LIBOR+3,0 foiz stavka bilan 5 yil muddatga taqdim etgan.

«Lukoyl» 2007 yilning yanvarida Hisordagi loyihada ishtirok etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi.

«Janubi-G‘arbiy Hisor» loyihasi bo‘yicha tabiiy gaz ishlab chiqarish 2011 yil dekabrida boshlangan. U Jarquduq—Yangi Qizilcha blokidagi eng yirik konda yiliga 1,1 milliard kubometr gaz qazib chiqarish quvvati bilan ishga tushgan.

2015 yilning dekabrida «Lukoyl» Qashqadaryodagi Hisor konida elektr ta'minoti obektlarini qurgan, «Hisorni to‘liq rivojlantirish» loyihasi doirasida Jarquduq va Odamtosh konlarida texnologik obektlar va konning tayanch bazasini elektr bilan ta'minlashga mo‘ljallangan ikkita podstansiya qurilishi yakunlangandi.

Avvaliga asosiy obektlar 2016 yil oxirigacha ishga tushirilishi ko‘zda tutilgandi. Endigi rejaga ko‘ra, rossiyaliklar kompaniyasi 2017 yilda Jarquduqdagi ilk gaz kon sanoatini ishga tushirishni mo‘ljallagan. Gaz qazib olishning eng yuqori darajasi esa yiliga 4,8 milliard kubometrga teng bo‘lishi rejalashtirilgan.

Kompaniya ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yil oxirida uglevodorodlar zaxirasi 241 mln barrel (22 mln barrel gaz kondensati va 1317 mlrd fut3 gaz), qazib olish – 9 mln barrel. (106 ming tonna gaz kondensati va 1,3 mlrd m3 gaz) bo‘lgandi. Tovar gazi to‘liq hajmda eksport qilinadi.

Mavzuga oid